08:40 / 29.09.2015
4256

Jon Makkeyn Obamani Putin bilan uchrashishga qaror qilgani uchun tanqid qildi

Respublikachi-senator Jon Makkeyn AQSh prezidenti Baraka Obamani BMT Bosh assambleyasi 70-sessiyasi davomida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish borasidagi rejasi uchun tanqid qildi. Makkeynning bu haqdagi aytgan so‘zlari 28 sentabrda uning rasmiy saytida chop etildi.

“Bunday uchrashuvning o‘tkazilishi haqidagi qaror noto‘g‘ridir. U Rossiyaga qo‘l keladi, AQSh siyosatiga pand beradi va Putinning barqarorsizlantiruvchi xatti-harakatini qonuniylashtiradi”, deb aytdi Makkeyn.

Makkeyning fikricha, AQSh armiyasi mustaqil ravishda “IShID” bilan kurasha olardi.
“Bu ikki davlat yetakchisining uchrashuvini talab qilmaydi”, deb aytdi siyosatchi va Rossiya Suriya, Eron va Iroq bilan “IShID”ga qarshi kurashish uchun birgalikdagi axborot markazini tashkil etganini eslatib o‘tdi.

Makkeynning fikricha, Putin “Rossiyaning Yaqin Sharqdagi hukmronligini oxirgi 40 yil ichida kuzatilmagan darajada kengaytirishni istamoqda”. Senator Obamaga Rossiyaning Suriya va Ukrainadagi harakatlarini ma'qullamaslikni tavsiya qildi. Bundan tashqari, Makkeyn Obama Rossiya Bashar Asad tuzumini qo‘llab-quvvatlashda davom etaversa, AQSh hech qanday sharoitda Rossiyaga qo‘shilmasligini Putinga tushuntirib qo‘yishi kerakligini qo‘shimcha qildi. “Bu Putinga shaxsan va uchrashuvdan keyin ommaviy ravishda aytilishi kerak”, deb ta'kidlab o‘tdi Makkeyn.

Putin va Obama so‘nggi bor 2014 yilning noyabrida Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammitining birinchi yig‘ilishidan keyin majlislar zalida birgalikda suratga tushish marosimida qisqacha suhbatlashib o‘tgandilar.

Top