Jahon | 20:41 / 29.09.2015
2661
2 daqiqa o‘qiladi

Kreml Suriyada Rossiya tomonidan aviazarbalar berilayotgani haqidagi ma'lumotlarga ega emasligi aytildi

Kremlda Suriyada “IShID” terrorchilik guruhi obektlariga Rossiya aviatsiyasi tomonidan zarbalar berilgani haqidagi ma'lumotlarga ega emaslar. Bu haqda Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovga iqtibos keltirgan holda “Interfaks” axborot agentligi ma'lum qildi.

“Menga bunday zarbalar berilgani haqida hech narsa ma'lum emas”, deb aytdi Peskov. Peskov Suriya masalasi bo‘yicha hozircha “muvofiqlashtiruvchi mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish haqida gap ketmoqda”, deb ta'kidlab o‘tdi. Uning aytishicha, keyingi qarorlar “vaziyat qanday tus olishiga qarab qabul qilinadi”.

Jurnalistlar bir necha bor Kreml vakillaridan Rossiyaning Suriyadagi harbiy kontingentidan foydalanayotgani haqidagi gaplarga izoh berishni so‘rashgan. Peskov bunga javoban Vladimir Putinning Rossiya armiyasidan Suriyada foydalanishga ruxsat so‘rab Federatsiya kengashiga murojaat qilgani haqida hech qanday hujjatlarni ko‘rmaganini aytgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish