Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda uysiz it va mushuklar uchun ilk bor maxsus boshpana quriladi
O‘zbekistonda ilk bora uysiz it va mushuklar uchun boshpana qurib beriladi. U hashar yo‘li bilan qad rostlashi kutilmoqda. Uni nodavlat notijorat tashkilot hisoblanmish “Uysiz jonivorlarni qutqarish tashkiloti” qurib beradi. Ushbu tashkilot 2014 yilda ochilgan. Tashkilot faollari uysiz qolgan it va mushuklarni uy bilan ta'minlashga, ularni salomatliklari va tozaliklaridan boxabar bo‘lishga harakat qilishadi.
Bularning bari shaxsiy mablag‘lar va mehribon insonlar yordami evaziga amalga oshadi.
O‘z uylarini topgan itlar: oldingi va hozirgi suratlar. Tashkilot arxividan.
Tashkilot faollari bir necha yildan beri uysiz it va mushuklarga boshpana qurishni rejalashtirib kelishayotgandi. Va nihoyat tashkilot uch gektar yerni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. U Qibray tumanida joylashgan. Hozircha u yerda hech narsa yo‘q: na qurilish, na elektr quvvati va na suv.
— Hukumat bizga bu yerni mutlaqo bepulga ajratdi. Biz buning uchun ulardan minnatdormiz, — dedi tashkilot asoschisi Oksana Kapyrina.
– Bu jamiyat uysiz jonivorlarga mehr ko‘zi bilan qarayotganini isbotlaydi.
Birinchi hasharga o‘nga yaqin odam yig‘ildi. Hasharchilar kunlar sovuq bo‘lishi bilan haftaning har yakshanbasida yig‘ilishni kelishib olishdi. Tashkilotning aytishicha, bu ishni tashkillashtirishga yanada ko‘p qo‘llar va moddiy yordam kerak. Tashkilot a'zolari bilan Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi “Barchasi o‘z qo‘lingda” («Vse v tvoix rukax») sahifasi orqali bog‘lanish mumkin.