09:19 / 29.09.2015
6377

Putin: Obama bilan suhbat juda ochiq tarzda kechdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘zining amerikalik hamkasbi Barak Obama bilan kechgan suhbati ochiq tarzda o‘tib, tomonlar umumiy muammolar ustida hamkorlikda ishlash mumkinligini ko‘rsatganini aytib o‘tdi.

“Uchrashuv (Obama bilan) juda foydali tarzda kechdi. Va eng ma'quli – u ochiq tarzda bo‘lib o‘tdi”, - dedi Putin jurnalistlarga.

“Menimcha, amerikalik hamkorlar juda ko‘p masalalarda, jumladan, Ukrainadagi vaziyatni nazorat qilish, Suriya, umuman, Yaqin Sharq muammosi borasidagi o‘z pozitsiyalarini yetarli darajada ochiq ifoda etishdi. Bizning juda ko‘p qarash va nuqtalarimiz mos tushdi”, - dedi rossiyalik yetakchi.

“Biroq qarama-qarshi kelgan jihatlar ham bor”, - qo‘shimcha qildi u.

Shu o‘rinda, Putin ikki rahbar uzoq muddat uchrashmagani to‘g‘risidagi savolni inkor qildi. “Bunday emas. Biz u bilan telefon orqali ham, turli xalqaro maydonlarda ham suhbatlashdik. Qisqa muddatli uchrashuvlarda ikki tomonlama va xalqaro kun tartibidagi eng asosiy masalalarni muhokama qildik”, - dedi Rossiya rahbari.

“Rossiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar hozirgi vaqtda eng past darajada, biroq bu Moskvaning aybi emas, AQShning tanlovi”, - dedi Putin.

Rossiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, tafovutlar bor, biroq u ham, Obama ham ushbu qarama-qarshiliklar ustida ishlashga kelishib olishdi.

Putin va Obama o‘rtasidagi uchrashuv rejalashtirilgandan ikki barobar uzoqroq davom etdi. Suhbat uchun 55 daqiqa belgilangan bo‘lsa ham, u 1 soatu 40 daqiqa davom etdi.

Putin va Obama o‘rtasidagi mazkur uchrashuvda 2013 yil iyunidan buyon ilk marotaba ikki mamlakat yetakchilarining to‘liq formatdagi suhbati bo‘lib o‘tdi.

Top