Sport | 16:04 / 29.09.2015
6271
2 daqiqa o‘qiladi

Tokio-2020 olimpiadasi dasturida beysbol va karate sport turlari ham bo‘lishi mumkin

“Tokio-2020” tashkiliy qo‘mitasi XOQga dasturga kiritish uchun beshta sport turini taklif etdi. Bu haqda O‘zbekiston olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bergan.

"2020 yili Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkaziladigan XXXII yozgi Olimpiada o‘yinlarining tashkiliy qo‘mitasi Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga beshta sport turini kiritishni tavsiya qilib, rasman murojaat qildi. Bular beysbol/softbol, karate, serfing, qoyaga chiqish va skeytbording sport turlaridir", deyiladi xabarda.

Avval xabar qilinganidek, joriy yilning avgust oyida Tokioda Olimpiada o‘yinlari dasturiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan sport turlari bo‘yicha Xalqaro federatsiyalar o‘z sport turlarini ko‘rgazmasini tashkil etgan edi. O‘shanda, yuqorida nomlari zikr etilgan sport turlaridan tashqari bouling, skvosh va u-shu sport turlari ham bor edi.

Tashkiliy qo‘mita a'zolari Olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritiladigan sport turi eng avvalo yoshlar orasida ommalashgan bo‘lishi zarurligini ta'kidlashmoqda.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, beysbol va softbol so‘nggi bor 2008 yili Pekin Olimpiadasida dasturdan o‘rin olgan edi. 2012 yilgi o‘yinlar dasturiga esa bu ikki sport turi kiritilmadi.

Tavsiya etilgan yangi sport turlarini dasturga kiritish bo‘yicha yakuniy qaror 2016 yilning avgust oyida Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladigan Xalqaro olimpiya qo‘mitasining sessiyasida qabul qilinadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish