12:36 / 30.09.2015
6076

Alibobo Rahmatullayev: Qachondir xorijda to‘p surishimga ishonardim

O‘zbekistonlik futbolchi, Ozarbayjonning “Ravan” jamoasi tarkibiga qo‘shilgan Alibobo Rahmatullayev bu haqda “Darakchi” muxbiriga gapirib berdi.

“Bu klub mutaxassislaridan biri men bilan aloqaga chiqib, “Ravan” bosh murabbiyi o‘yinlarimni kuzatib kelayotgani hamda jamoaga taklif qilishni maqsad qilganini aytib qoldi, - dedi futbolchi. – Shundan so‘ng jamoa bilan shartnoma tuzdim. Kelishuvimiz shu tariqa amalga oshirildi. Ochig‘i, bunday taklifni kutmagandim. Negaki men “Navbahor” bilan shartnoma tuzib bo‘lgandim. Shu boisdan xorijdan taklif tushishi men uchun yangilik bo‘ldi. Bu xabar, bir tomondan meni quvontirib, o‘zimga bo‘lgan ishonchni yanada oshishiga turtki bo‘ldi desam, yanglishmagan bo‘laman”.

O‘zining yangi jamoa tarkibidagi istiqbollariga to‘xtalar ekan, sportchi ko‘proq o‘yin o‘tkazishni rejalashtirayotganini aytdi: “Jamoada ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish tarafdoriman. Shuningdek, qo‘yilgan vazifalarni bajarishda bor kuchimni berib, barchaning ishonchini oqlamoqchiman. Shu orqali milliy terma jamoadan taklif olishni rejalashtirganman. Axir har bir futbolchi bosh jamoada o‘ynab, xalqaro musobaqalarda vatani sharafini himoya qilishni orzu qiladi”.

Top