19:32 / 30.09.2015
3166

Dzyudo bo‘yicha Toshkent Gran-prisi uchun qur'a tashlash marosimi o‘tkazildi

1-3 oktabr kunlari Toshkentdagi “O‘zbekiston” sport saroyida dzyudo kurashi bo‘yicha Gran-Pri turkumiga kiruvchi yirik xalqaro turnir o‘tkaziladi.

Mazkur nufuzli musobaqada dunyoning 52 davlatidan 355 nafar sportchi (200 nafar erkak – 155 nafar xotin-qiz) jami 14 vazn (7 vaznda erkaklar – 7 vaznda xotin-qizlar) toifasida sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradilar.

Gran-Pri turniri ishtirokchilari orasida ko‘plab Olimpiada o‘yinlari, jahon va qit'aviy chempionatlar, shuningdek, turli darajadagi yirik xalqaro musobaqalarning g‘olib va sovrindorlari ko‘pchilikni tashkil etmoqda.

Mukofot jamg‘armasi 100.000 AQSh dollarini tashkil etgan Toshkent Gran-Prisida 2016 yili Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun reyting ochkolar ham o‘ynaladi.

Jumladan, musobaqada oltin medalga sazovor bo‘lganlar 300 reyting ochkosiga, ikkinchi o‘rin sohiblari 180, bronza medali sovrindorlari esa 120 reyting ochkolariga ega bo‘lishadi.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, bunday darajadagi Gran-Pri turnirlari har yili dunyoning o‘nta davlatida tashkil etiladi. Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan mazkur Gran-Pri turnirini 2013-2016 yillar davomida qatorasiga to‘rt yil o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan. Agarda dastlabki yili bo‘lib o‘tgan musobaqada 20 davlat vakillari ishtirok etishgan bo‘lsa, 2014 yili 42 davlat polvonlari, joriy yilgi musobaqaga esa 52 davlat sportchilari tashrif buyurishgan.

O‘zbekiston dzyudochilari 2013 yilgi turnirda 5ta oltin, 3ta kumush va 5ta bronza medalini qo‘lga kiritgan holda umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashgan bo‘lsa, 2014 yilgi Gran-Pri turnirida bitta oltin, 2ta kumush va 3ta bronza medaliga sazovor bo‘lishgan. Bu yilgi musobaqada O‘zbekiston sharafini jami 42 nafar (28 nafar erkak – 14 nafar xotin-qiz) sportchi himoya qiladi.

Bugun Toshkentdagi “Wyndham” mehmonxonasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Xalqaro dzyudo federatsiyasi mas'ul xodimlari Toshkentda boshlanajak Gran-Pri turnirining nufuzi va darajasi haqida atroflicha to‘xtalib, O‘zbekiston har qanday sport tadbirlarini haqiqiy bayramona ruhda tashkil etish borasida boy tajribaga ega ekanligini, birgina dzyudo bo‘yicha o‘tkazilayotgan mana shunday xalqaro miqyosdagi musobaqalar ham buning yorqin isboti ekanligini mamnuniyat bilan ta'kidlab o‘tishdi va bu uchun hukumat rahbariyatiga, Respublika sport jamoatchiligiga o‘z minnatdorchiliklarini izhor qilishdi.

Matbuot anjumanida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi prezidenti Armen Bagdasarov jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, mamlakatimiz terma jamoasi bo‘lajak musobaqaga ham har tomonlama puxta hozirlik ko‘rganini va “O‘zbekiston” sport saroyiga tashrif buyuradigan muxlislar uch kun davomida dunyoning nomdor polvonlari ishtirokida biri-biridan murosasiz bo‘lgan bellashuvlarning guvohiga aylanishlarini ta'kidladi.

Ma'lumot uchun, Gran-Pri turnirining saralash bellashuvlari har kuni soat 11:00dan boshlanadi. Yarim final va final bahslari esa kechki 17:00dan boshlanadi. Musobaqaning tantanali ochilish marosimi 1 oktabr kuni soat 16:15da bo‘lib o‘tadi.

Top