12:55 / 30.09.2015
3265

Honda o‘zining yangi vodorod modeli dizaynini namoyish qildi

Honda kompaniyasi vodorod va kislorod o‘rtasidagi kimyoviy reaksiya natijasida energiya ishlab chiqaruvchi yonig‘li katakchalaridan quvvat oladigan elektr dvigatel bilan ta'minlangan FCV xetchbek modelining rasmiy tasvirlarini ilk marotaba e'lon qildi. Mazkur yangi avtomobil namoyishi oktabr-noyabr oylarida Tokiodagi avtosalonda bo‘lib o‘tadi.

Honda vakillarining qayd etishlaricha, “yuqori quvvatli dvigatellar” bilan ta'minlangan FCV modeli zaxirasi 700 kilometr masofani bosib o‘tishga yetadi. Yapon avtomobil ishlab chiqaruvchisi mashinasiga favqulodda vaziyatlarda binoni elektr toki bilan ta'minlovchi qurilma ham joylashtirilgan.

FCVning harakat imkoniyatlari va dvigatelining quvvati haqidagi ma'lumotlar hozircha oshkor qilingani yo‘q. Shuningdek, yaponlar FCV modelning yakuniy nomi emasligini ham aytib o‘tishdi.

Honda FCV avtomobiliga eng yaqin model FCEV prototipi bo‘lib, u 2013 yil noyabr oyida AQShning Los-Andjyeles shahrida bo‘lib o‘tgan motorshouda namoyish qilingan edi. Uning zaxirasi 386 kilometrlik yo‘lni bosib o‘tishga yetarli. Oradan bir yil o‘tib yaponlar bir martalik zaxira bilan 482 km masofagacha harakatlanuvchi kontsept-karning FCV deb nomlangan yaxshilangan namunasini namoyish etdi.

Top