22:33 / 30.09.2015
6901

Islom Karimov Farg‘ona viloyatida fermerlar va faollar bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida 29-30 sentabr kunlari Namangan va Farg‘ona viloyatlariga safar qildi.

O‘zbekiston rahbari Farg‘ona viloyatiga safarining ikkinchi kuni Farg‘ona tumanidagi “Mustaqillik shukronasi” fermer xo‘jaligi dalalarida bo‘lib, viloyat fermerlari va faollari bilan suhbatlashdi. Bu haqda UzA xabar bergan.

Abdumajid Yahyoyev rahbarlik qilayotgan “Mustaqillik shukronasi” fermer xo‘jaligi a'zolari 109 gektar maydonda paxta va g‘alla yetishtirmoqda. Fermer xo‘jaligi ko‘p tarmoqli bo‘lib, paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilik, parrandachilik, non va non mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilda 45 gektar maydonda g‘alla yetishtirilib, gektaridan 62 sentnerdan hosil olindi. 64 gektar maydonda yetishtirilgan paxta yig‘ib-terib olinmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari Enaxon Siddiqova, Toshloq tumanidagi «Zarkent saxovati» fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan paxtakor Zebixon Rustamova, Farg‘ona viloyati Fermerlar kengashi raisi Abdug‘affor Rahimov, Yozyovon tumanidagi 22-maktab o‘qituvchisi O‘ktamxon Soliyeva, Furqat tumanidagi «Usta Yusufjon naqqosh» oilaviy korxonasi usta naqqoshi Mahamatali Yunusov va boshqalar qatnashgan.

Ular dunyoda taraqqiyotning “o‘zbek modeli” sifatida e'tirof etilgan dastur barcha sohalarda ulkan samaralar berayotganini, xalqimizning turmush darajasi va farovonligi yuksalib borayotganini qayd etishdi. Shuningdek, ular bu yutuqlarning barchasi Prezident rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi ekanini faxr bilan ta'kidlashdi.

Top