07:37 / 30.09.2015
13929

Islom Karimov: Jahon bozori uchun milliy brendimizni yaratishimiz lozim

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida 29 sentabrdagi Farg‘ona vodiysiga safarini Namangan viloyatidan keyin kunning ikkinchi yarmida Farg‘ona viloyatida davom ettirdi.

Farg‘ona viloyati mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma'naviy hayotida muhim o‘rin tutadi.

Islom Karimov Farg‘ona shahrining bosh rejasini amalga oshirish borasidagi ishlar bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining 2011 yil 15 noyabrdagi “Farg‘ona shahrining bosh rejasini amalga oshirish, 2012-2015 yillarda ijtimoiy va transport-kommunal infratuzilmasi obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida viloyat markazida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Zamonaviy korxonalar, ta'lim va tibbiyot muassasalari, sport majmualari va stadionlar, yo‘llar, xiyobonlar bunyod etilayotir.

Qaror ijrosi bo‘yicha Farg‘ona shahrining qiyofasini zamonaviy shaharsozlik talablariga muvofiq tubdan yangilash, ijtimoiy infratuzilma hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini kompleks rivojlantirish va obodonlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shaharda bunyodkorlik, obodonlashtirish, uy-joy kommunal, yo‘l xo‘jaligi va transport xizmatini, suv, elektr energiyasi, tabiiy gaz ta'minotini sifat jihatdan yaxshilash borasida salmoqli ishlar bajarildi.

Islom Karimov Marg‘ilon shahridagi “Narimteks” qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Yurtboshimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasida viloyatda mazkur soha jadal taraqqiy etmoqda. Bugungi kunda viloyatda 18 mingdan ortiq kichik biznes sub'yekti faoliyat ko‘rsatib, ularning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 51,2 foizga yetdi.

Joriy yilning birinchi yarmida viloyatda xorijiy investitsiya ishtirokida 12 qo‘shma korxona tashkil etildi. Bunda qo‘shma korxonalarni modernizatsiya qilish borasida yaratilayotgan imtiyoz va kafolatlar ham muhim omil bo‘lmoqda.

Bu jarayonda paxtani qayta ishlash va tikuvchilikka ixtisoslashgan qo‘shma korxonalar erishayotgan yutuqlar diqqatga sazovordir. Bugungi kunda viloyatda “Narimteks”, “Indorama Qo‘qon tekstil”, “Farg‘ona Turon tekstil”, “Beshariqtekstil” singari ilg‘or texnologiyalar asosida jihozlangan ko‘plab korxonalarda xalqaro andozalarga mos mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Mazkur korxonalarda tayyorlanayotgan mahsulotlarga ichki va tashqi bozorda talab ortib bormoqda.

“Narimteks” qo‘shma korxonasida 2012-2015 yillar mobaynida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar samarasida Germaniya, Italiya, Turkiya va Xitoyda ishlab chiqarilgan eng zamonaviy bichish-to‘qish, pardozlash jihozlari va tikuv mashinalari o‘rnatildi. Yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Prezidentimiz ichki va jahon bozorida munosib o‘rin topish uchun muntazam izlanish, yangi-yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish zarurligini qayd etdi. Bozor konyukturasini o‘rgangan holda mahsulot tayyorlash, dizayn masalalariga e'tiborni kuchaytirish, eng asosiysi, jahon bozorida o‘z brendini yaratish lozim.

– Bugun xalqimizning, ayniqsa, yoshlarimizning zamonaviy kiyinishga ehtiyoji va talabi tobora oshib bormoqda, – dedi Islom Karimov. – Ularning o‘sib borayotgan talabini yurtimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy va sifatli mahsulotlar hisobidan qondirish muhim vazifadir. Buning uchun zamonaviy korxonalarni yanada ko‘paytirish, iste'dodli, zamon va bozor talablarini chuqur his etadigan mohir tadbirkorlarimizni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash lozim.

Islom Karimov korxona ishchilarining hayoti, korxonada yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi.

Davlatimiz rahbarining Farg‘ona viloyatiga safari davom etmoqda.

Top