14:34 / 30.09.2015
6730

O‘zbekistonda o‘qituvchilarning o‘rtacha ish haqi 2006 yildan 2014 yil 1 sentabrgacha 12 baravarga oshirildi

Yurtimizda pedagog xodimlar mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha izchil amalga oshirgan ishlar natijasida o‘qituvchilarning o‘rtacha ish haqi 2006 yil 1 sentabrdan 2014 yil 1 sentabrgacha 12 baravarga oshirilib, ustama va qo‘shimchalar bilan birga o‘rtacha ish haqi 1 mln. 235 ming so‘mni tashkil etmoqda. Bu haqda 29 sentabr kuni Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan 1 oktabr – “O‘qituvchilar va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami munosabati bilan “Ta'lim va tarbiya uyg‘unligi – barkamol avlodni shakllantirishning muhim omili” mavzusidagi matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Shuningdek, hukumatimiz tomonidan tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan fidoiy, jonkuyar va o‘z kasbining ustasi bo‘lgan izlanuvchan pedagoglarni moddiy va ma'naviy rag‘batlantirish maqsadida bir qator imtiyozlar berilmoqda.

Jumladan, qishloq joylardagi umumta'lim maktablarida va bolalar-o‘smirlar sport maktablarida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi hamda sport ustozi bo‘lib ishlayotgan ayollarning tarif stavkalariga har oyda 15 foiz miqdorda ustamalar to‘lab kelinmoqda.

Umumta'lim muassasalarining chet tillar o‘qituvchilariga qishloq joylarda joylashgan ta'lim muassasalarida - lavozim maoshining 30 foizi miqdorida, qolgan ta'lim muassasalarida - lavozim maoshining 15 foizi miqdorida oylik ustamalar to‘lab kelinmoqda.

Bolalar musiqa va san'at maktablari o‘qituvchilari, konsertmeysterlari va rahbar xodimlari mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari 2012 yil 1 yanvardan boshlab 20 foizga oshirildi.

2015 yilning 1 yanvaridan boshlab xalq ta'limi tizimidagi metodistlar ish haqi miqdorlari 1,5 baravarga oshirib to‘lanmoqda.

Top