Jahon | 21:59 / 30.09.2015
2352
2 daqiqa o‘qiladi

Rim papasi o‘z da'vatlari rok musiqasi bilan yo‘g‘rilgan rok-albom chiqaradi

Katolik cherkovi rahbari, Rim papasi Frantsisk o‘zining birinchi musiqali albomini chiqarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Papa bu albomi yordamida dindorlar orasida umid, muhabbat va ishonchni ulashishga umid bildirmoqda, deb yozmoqda The Rolling Stone nashri.

"Wake Up!" (“Uyg‘on”) deb nomlangan albom 27 noyabrda savdoga chiqadi va Rim papasining eng yaxshi da'vatlaridan parchalarga ega pop-rok uslubidagi treklardan iborat bo‘ladi. Albomdan o‘rin olgan "Wake Up! Go! Go! Forward!" (“Uyg‘on! Olg‘a! Olg‘a! Oldinga!”) deb nomlangan birinchi singl yaqinda internetda paydo bo‘ldi.

Albom Vatikan tomonidan ma'qullandi. Plastinkadan pontifikning da'vatlari va turli tillardagi eng ilhomlantiruvchi nutqlaridan parchalardan iborat kompozitsiyalar o‘rin oladi. Papaning so‘zlari pop-rok musiqa hamrohligida yangraydi.

Nashrning ma'lumotlariga ko‘ra, hozirda albomga iTunes xizmati orqali buyurtma bersa bo‘ladi. Rim papasi o‘z tinglovchilariga italyan, ingliz, ispan va portugal tillarida murojaat qiladi. Plastinka dunyo muammolari, burch, ekologiya va muhtojlarga ko‘mak ko‘rsatishga bag‘ishlangan 11 ta kompoziyadan tashkil topadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish