21:05 / 01.10.2015
42683

Xabardor.uz: Jannat va do‘zax haqida rivoyat

Bir inson Tangrining jamolini ko‘rishga muyassar bo‘libdi. U Yaratganga debdi:

– Men jannat va do‘zaxni ko‘rishni istayman.

Xudo uni ikki eshik oldiga olib kelibdi. Birinchi eshik ortida ulkan dumaloq stol bo‘lib, uning o‘rtasida hidi ishtahani qitiqlaydigan ovqat to‘la katta idish qo‘yilgan ekan. 

Stol atrofida o‘tirgan odamlarning ko‘rinishi abgor bo‘lib, ular ochlikdan sillalari qurib qolgan ekan. Ularning barchasining qo‘liga uzun qoshiqlar bog‘langan ekan. Stol atrofidagilar idishdagi ovqatni qoshiqqa olishlari mumkin ekan, lekin qoshiq uzunligi bois uni og‘izlariga to‘g‘rilay olishmas ekan. Boyagi kishi ularning bu holatidan qattiq ta'sirlanibdi.

– Bu do‘zax, – debdi Xudo.

Haligi kishi ikkinchi eshikdan ichkariga kiribdi. Bu yerda ham xuddi shunday stol va shirin taom to‘la idish bor ekan. Bu yerdagi odamlar ham qo‘llariga qoshiq bog‘langan holda stol atrofida o‘tirishgan ekan. Biroq ularning hammasi qorinlari to‘q, xursand holda ekanlar.

– Tushunolmayapman, – debdi boyagi kishi.

– Bu juda oddiy, – debdi Tangri. – Bu odamlar bir-birlariga yaxshilik qilishadi, ya'ni o‘z qoshiqlari bilan bir-birlarini to‘ydirishadi. Shuning uchun ularning hammalari to‘q va baxtli. Do‘zaxdagi odamlar esa faqat o‘zlari yeyishni o‘ylashadi. Shu baxilliklari uchun ham ularning bari och va abgor. 

Xulosa: hamma o‘z fe'liga yarashasini oladi.

Manba: xabardor.uz

Izoh: Bu xalq orasidagi bir rivoyat va o‘z-o‘zidan rivoyat uchun dalil so‘ralmasin.

Top