09:58 / 01.10.2015
15960

OAV: O‘zbekistonda internet hatto Qirg‘izistondagidan yomon ishlaydi

“Novosti Uzbekistana” muxbiri Igor Reshetnikov o‘zining yangi maqolasida Namanganda internet xizmatlari ko‘rsatish sifati past darajada ekanligini aytdi.
“Namangan aholisi Xalqaro to‘rga ulanganida ko‘p qiyinchiliklarga uchraydi: qotib qoladi yoki tezligi past, - deydi u.

– Umuman, poytaxtdagi vaziyat ham ko‘p farq qilmaydi. Ayniqsa O‘zbekiston tashqarisida bo‘lganingizda buni yaqqol sezasiz. Muallif turli mamlakatlarda bo‘lgan, va ularda internet qanday ishlashidan hayron qolgan. Bu texnik jihatdan ilg‘or mamlakatlargagina, Yevropa yoki Xitoygagina xos emas.

Qo‘shnilarimiz Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham vaziyat yaxshiroq. Masalan, Berlinda smartfonga yangi operatsion tizimni o‘rnatishga 45 daqiqa ketgan edi, uyda esa bunga bir kundan ko‘p vaqt ketadi. Bu qanaqadir eksklyuziv emas – bor-yo‘g‘i 35 yevro/oy evaziga har qanday odam katta tezlikdagi cheksiz trafikli internetga ulanishi mumkin”.

O‘zbekistonda ma'lumotlar yuklash tezligi 2.44 Mb/sekundni tashkil qiladi, bu jahondagi 188 mamlakatni qamragan reytingda 170-o‘rin demakdir. Birinchi o‘rinda turgan Gongkongda – 69.38 Mb/sekund, Singapurda – 59.53 Mb/sekund. Rossiya 30-o‘rinda (21.09 Mb/sekund), Xitoy 16.64 Mb/sekund tezlik bilan 43-o‘rinda, Qozog‘iston esa 52-pog‘onada (13.71 Mb/sekund), 80-o‘rinda – Qirg‘iziston (8.46 Mb/sekund).

“Ko‘p narsa geografiyaga bog‘liq, - dedi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi Namangan bo‘linmasi rahbari Lazizxon Nosirov, bu boradagi savolga javob berarkan. – Bizning liniyalarimiz “Rostelekom” va “Qozoqtelekom” orqali o‘tadi, biz oxirgi nuqtadamiz. Biz Qozog‘istondan tezlik sotib olamiz va bu trafik internet provayderlariga beriladi. Bizning viloyatimizda bundaylar soni oltita. Tariflar ham shundan kelib chiqadi – tezlik qancha baland bo‘lsa, narx ham shuncha qimmat”.

“Bizning mamlakatimizda “O‘ztelekom” tashqi internet tarmoqlariga chiqa oladigan yagona kompaniyadir, - so‘zida davom etdi u. – U tashqi trafikni boshqa provayderlarga yetkazib beradi. O‘zbekistondagi tariflar juda yuqori bo‘lib, nafaqat qo‘shni mamlakatlardagi, balki Yevropadagi narxlardan ham qimmatdir. Fuqarolarimizning daromadini esa ularga qiyoslab bo‘lmaydi”.

Top