Jamiyat | 10:27 / 01.10.2015
15105
3 daqiqa o‘qiladi

Olma-Otada ishlayotgan yaponiyalik kreditga o‘tkaziladigan to‘ylardan va betgachopar kirakashlardan hayratda qoldi

Yaponiyalik moliyachi, ayni kunlarda Qozog‘istonda ishlayotgan Katsuya Ishizaki o‘zi uchun yangi bo‘lgan mamlakat ushbu mamlakatdan olgan taassurotlarini Nur.kz sayti bilan o‘rtoqlashdi.

“Olma-Otaga men o‘tgan yilning dekabrida kelgan edim, - dedi u. – Ilgari men 10 oy Rossiyada yashagan edim. Meni Qozog‘istonga yuborishganida norozi edim. Rossiyaga ancha o‘rganib qolgan edim, rus tilini tushuna boshlagan edim. Ammo hozir Qozog‘iston yaxshiroq deb o‘ylayapman, negaki bu yerda odamlar juda mehmondo‘st”.
Olma-Otaning tabiatini maqtash bilan birga, mehmon shaharning qishi yaponiyalik uchun sovuqlik qilishini, yo‘llardagi tirbandlik esa Yaponiyada deyarli kuzatilmasligini qayd qildi.

Shaharning asosiy kamchiliklari sifatida esa kirakashlarning betgachoparligi va hech qachon vaqtida yetib kelmasligini aytib o‘tdi.
“Taksi hech qachon vaqtida kelmaydi, - deydi Ishizaki. – Hozir men ularni biroz o‘rgatib oldim, ular oldindan yetib keladigan bo‘lgan. Ishda ham shu ahvol. Men o‘z ishimni vaqtida bajarishga ulgurmayman, negaki boshqalar shoshilmaydi. Men boshliq emasman, shu bois ba'zan axborot so‘rasam, uni olish jarayoni juda cho‘zilib ketadi”.

Uning ta'kidlashicha, Yaponiyada boy insonlar ulushi kamroq, ammo aholi, umuman olganda, yaxshiroq turmush darajasiga ega. Shu bois u qozog‘istonliklar kreditga o‘tkazadigan to‘ylardan hayratda qoldi: “Kreditlar bizda ikki foizlik. Ular odatda uy sotib olishga beriladi. Mashina olmoqchi bo‘lgan odam pul to‘plashi lozim. Kreditga to‘y o‘tkazishning esa imkoni yo‘q. Agar yigit to‘yga kredit olsa, qiz unga tegishdan bosh tortishi mumkin. To‘ylarimiz kichkina, ularda 80-100 kishi bo‘ladi”.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish