18:58 / 02.10.2015
15818

«Grin kard» taqdim etuvchi DV-2017 lotereyasi boshlandi

AQSh Davlat Departamenti 2017 yil «Turli Millat Vakillari uchun Immigratsion Vizalar - DV» (Grin Kard) Dasturiga ro‘yxatga olish davri 2015 yil 1 oktabrdan 2015 yil 3 noyabrgacha jamoat uchun ochiq bo‘lishini e'lon qildi. DV Lotereyasining talablariga javob berish uchun murojaat etuvchi ushbu lotereyada qatnashishi mumkin bo‘lgan davlatlardan biri, shu jumladan, O‘zbekistondan bo‘lishi va o‘rta maktab darajasiga teng ma'lumotga ega bo‘lishi kerak.

Murojaatchilar DV Dasturida 2015 yil 1 oktabr, payshanba kuni,Toshkent vaqti bilan soat 21:00dan boshlab ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Ro‘yxatga olish davri 2015 yil 3-noyabr, seshanba kuni, Toshkent vaqti bilan 22:00da tugaydi. Barcha arizalar elektron ravishda ro‘yxatga olish davrida http://www.dvlottery.state.gov sahifasi orqali topshirilishi shart va DV Lotereyasiga ariza berish uchun hech qanday haq olinmaydi. Murojaat etuvchilarga arizalarini topshirish uchun ro‘yxatga olish davrining so‘nggi haftasigacha kutmaslik tavsiya etiladi. Dunyo bo‘yicha talabning o‘ta yuqoriligi Internet sahifasi ishining sekinlashuviga olib kelishi mumkin. 2015 yil 3 noyabr soat 22:00 dan keyin birorta ham ariza qabul qilinmaydi.

2016 yil, 3 maydan boshlab, qatnashchilar o‘zlarining arizalari ro‘yxatga olinganini tasdiqlovchi varaqlaridan foydalanib, Davlat Departamentining Internet sahifasida immigratsion vizaga murojaat etish jarayonining keyingi bosqichlariga o‘tish uchun tanlangan yoki tanlanmaganliklari haqida ma'lumotlarni bilib olishlari mumkin. Murojaatchilarga o‘z tasdiqlov varaqlarini printerda chop etib olishni va 2017 yil 30 sentabrga qadar, ular lotereyada g‘olib bo‘lgan yoki bo‘lmaganliklaridan qat'iy nazar, saqlab qo‘yishlari lozimligini eslatib o‘tamiz. Ariza topshirish va talablarga javob berishga oid qo‘shimcha ma'lumot AQSh Davlat Departamentining http://travel.state.gov/content/visas/english/immigrate/diversity-visa/instructions.html sahifasida e'lon qilingan «DV-2017 Dastur Yo‘riqnomasi»dan olinishi mumkin. AQSh Elchixonasi YouTubening ushbu https://youtu.be/qabo0aia8r8 tarmog‘i orqali DV dasturi haqida ma'lumot beruvchi o‘zbek tilida video lavhani omma e'tiboriga taqdim etdi.

Har yili AQSh hukumati AQShga immigratsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan mamlakatlar, shu jumladan O‘zbekiston fuqarolari uchun «Turli Millat Vakillari uchun Immigratsion Vizalar – DV» dasturi orqali 50000 ta doimiy yashash huquqini beruvchi vizalar ajratadi. Vizalar so‘nggi besh yil mobaynidagi immigratsiya ko‘rsatkichlari asosida olti mintaqaviy hudud orasida taqsimlanadi; bunda immigratsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan hududlarga ko‘proq vizalar miqdori belgilanadi. Vizaga murojaat etuvchilar kompyuter orqali amalga oshiriladigan tasodifiy tanlov lotereyasi yordamida saralanadi. Shaxsning ismi lotereyada tanlanishi unga immigratsion vizaga murojaat etish jarayonining keyingi bosqichlarini o‘tish imkoniyatini beradi.

Garchi ko‘plab kompaniyalar «Turli Millat Vakillari uchun Immigratsion Vizalar» dasturiga ariza topshirish bo‘yicha o‘z xizmatlarini taklif etsalar ham, ularning xizmatlaridan foydalanish shaxsning lotereyada g‘olib bo‘lish ehtimolligini hech qaysi yo‘l bilan oshirmasligini ma'lum qilamiz. Ba'zi hollarda esa, ayrim firmalar g‘oliblardan katta miqdorda pul talab qilishadi yoki tovlamachilik bilan shug‘ullanishadi. Shuni ham unutmangki, DV Lotereyasida g‘olib bo‘lgan shaxs AQSh Elchixonasi yoki Konsullik Bo‘limiga o‘z viza suhbati uchun kelguniga qadar, AQSh Davlat Departamenti mazkur dastur bo‘yicha hech qanday to‘lovlar olmaydi. Dastur qatnashchilariga viza suhbatiga kelishdan avval «Turli Millat Vakillari uchun Immigratsion Vizalar» dasturi bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirishni so‘rab yo‘llangan har qanday xat yoki e'lonlar firibgarlar ishi bo‘lib, bunday xat-xabarlarga ishonmaslik kerak.

AQSh Elchixonasi «Turli Millat Vakillari uchun Immigratsion Vizalar» dasturida qatnashishni istagan barcha kishilarga shuni ma'lum qiladiki, Elchixona va AQSh Davlat Departamenti mazkur lotereya va uning talablari bo‘yicha yagona vakolatli ma'lumot manbalaridir. Bir oy davomida Elchixona DV lotoreya dasturiga oid ma'lumotlar va maslahatlarni Tviter va Feysbuk kabi ijtimoiy tarmoqlarda chop etadi, hamda ushbu dastur bo‘yicha veb muloqot o‘tkazadi. DV 2017 dasturi bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumotlar va omma uchun o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlarimiz haqida ma'lumot uchun Elchixonaning http://uzbek.uzbekistan.usembassy.gov/dv_uz.html manzilida joylashgan Internet sahifasiga muntazam tashrif buyurib turishingizni so‘raymiz.

Top