Jamiyat | 12:17 / 02.10.2015
5623
2 daqiqa o‘qiladi

Oregonlik qotil faqat xristianlarni o‘ldirishni maqsad qilgani ma'lum bo‘ldi

AQShning Oregon shtatidagi Ampkua kollejida otishma sodir etgan Kris Xarper Merser faqatgina xristian diniga mansub kishilarni o‘ldirishni maqsad qilib olgan. Bu haqda guvohlar so‘zlariga asoslanib CNN telekanali xabar qildi.

Hodisa guvohlari va ularning qarindoshlari so‘zlariga ko‘ra, qurollangan jinoyatchi auditoriyaga kirib, qurol o‘qtalgan holda o‘quvchilardan qaysi dinga e'tiqod qilishini so‘ray boshlagan. Guvohlarning ayrimlari qotil nasroniy diniga e'tiqod qilishini aytgan kishilarni joyida otib tashlaganini bildirgan.

Sherif Jon Xenlinning ma'lum qilishicha, kollejdagi otishma oqibatida 10 kishi, jumladan, jinoyatchining o‘zi ham halok bo‘lgan. Otishmadan yetti kishi jarohat olgan bo‘lib, uch nafarining ahvoli og‘ir.

Mazkur hodisaga munosabat bildirgan AQSh prezidenti Barak Obama mamlakatning qurolga oid qonunchiligini zudlik bilan o‘zgartirish lozimligini aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qotillik qaysidir ma'noda mutaassiblikka aylangan va unga barham berish vaqti keldi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish