10:41 / 02.10.2015
5771

Oregonlik qotil o‘z qurbonlarining qaysi dinga e'tiqod qilishi bilan qiziqqan

AQShning Oregon shtatidagi Ampkua kollejida otishma sodir etgan 26 yoshli Kris Xarper Merser qurbonlarining qaysi dinga e'tiqod qilishiga qiziqqan. Bu haqda mahalliy News Review Today gazetasi guvohlardan biri, 18 yoshli Kortni Mur ko‘rsatmasiga asoslanib xabar qildi.

Talabaning aytishicha, u noma'lum shaxs to‘satdan oyna orqali quroldan ota boshlaganida auditoriyada bo‘lgan. Shundan so‘ng qotil binoga kirib, barchaga yerga yotishni buyurgan. So‘ngra birma-bir ularni turg‘izib, qaysi dinga rioya qilishini so‘ray boshlagan. Barchaning e'tiqodi haqida so‘rab, yana o‘q otishni boshlagan. Keyinroq esa boshqa binoga yo‘l olgan.

CNN telekanalining xabar berishicha, halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar eng kamida ikkita auditoriyada aniqlangan.
Otishma ovozi eshitilgandan so‘ng o‘quv muassasasida vahima uyg‘ongan. Odamlar baqirgancha sinflardan tartibsiz ravishda qochib chiqib, uzoqroqqa yashirinishga urina boshlagan. O‘quvchi qizlardan biri kollej hududidan oqib o‘tuvchi daryoni suzib o‘tishga ham ulgurgan.

Qotil hodisa joyiga yetib kelgan politsiyachilar tomonidan otib o‘ldirilgan.
Politsiya qo‘llarini balandga ko‘tarib turishga buyurgan holda talabalarni evakuatsiya qilgan.
Hodisa tafsilotlarini o‘rganishga aloqador axborot manbasining xabar berishicha, chorshanba, 30 sentabr kuni tunda jinoyatchi 4chan chatidagi muhokamalarda yaqin orada yangiliklar qahramoniga aylanishini aytib, otishma uyushtirish uchun qanday qurollar ma'qul ekanini so‘ragan.

Boshqa foydalanuvchilar esa yoki gijgijlagan, yoki uning ustidan kulgan. Kimdir uni omadsizlikda ayblagan bo‘lsa, yana kimdir yovuz qahramon deb atagan. Bo‘lg‘usi qotil tarmoqda “Men umrimda birinchi marta yangiliklarda paydo bo‘laman. Qanchalar ahamiyatsizman”, - deya tan olib yozgan.

Top