Jamiyat | 20:45 / 02.10.2015
18272
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Leningrad viloyatida O‘zbekistondagi tuzumga tajovuz qilmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

Rossiyaning Leningrad viloyati Kirov tumani politsiyachilari “O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish” va “hokimiyatni qo‘lga olish va O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darish” jinoyati bo‘yicha gumon qilinib, qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga oldilar, deb xabar bermoqda 47news nashri.

Nashrga ma'lum bo‘lishicha, 1 oktabr kuni soat 16:00da Leningrad viloyatining Kirov tumanida “Treugolnik” bog‘dorchilik uyushmasi hududida hujjatlarni tekshirish maqsadida 46 yoshli O‘zbekiston fuqarosi politsiyachilar tomonidan to‘xtatilgan. Erkakning shaxsi ma'lumotlar bazasi bo‘yicha tekshirilganda, u 2014 yil 6 noyabrdan beri tergovdan berkinib yurgan shaxs sifatida xalqaro qidiruvda bo‘lgani aniqlangan.

Ma'lum bo‘lishicha, erkak O‘zbekistonda O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159-moddasi 3-bandi, ya'ni “O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish” jinoyatini amalga oshirishda gumon qilinmoqda. Bu jinoyat uchun 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi ko‘zda tutilgan.

Qo‘lga olingan o‘zbekistonlik haqidagi ma'lumot Kirov tumani prokuraturasiga yuborilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish