00:04 / 02.10.2015
41468

Xabardor.uz: Tuxum po‘chog‘i – kalsiy manbai

Tuxum po‘chog‘i asosan kalsiydan, shuningdek, fosfor, temir, kaliy, magniy va kremniy moddalaridan iborat bo‘ladi. “Bu haqiqiy xazina-ku!” – deyishi mumkin kimdir buni o‘qib. Xuddi shunday. Lekin bu xazinadan hamma ham foydalanavermaydi.

Tuxum po‘chog‘i tarkibidagi kalsiy organizm tomonidan tez o‘zlashtiriladi.

Kanada, AQSh va vengriyalik olimlarning tadqiqotlari tuxum po‘chog‘i tarkibiga ko‘ra inson suyaklari va tishlariga juda o‘xshash ekanligini isbotlagan. Tuxum po‘chog‘idan tayyorlangan kukun kalsiy yetishmovchiligi simptomi aniqlangan homilador ayollar, bolalar va erkaklarga hamda suyak singanida tavsiya etiladi.

Muntazam ravishda tuxum po‘chog‘idan tayyorlangan kukunni iste'mol qilish:

  • Qon bosimi va yurak urishini me'yorlashtiradi;
  • Zararli xolesterin miqdorini kamaytiradi;
  • Moddalar almashinuvini me'yoriga soladi;
  • Osteoporoz rivojlanishining oldini oladi;
  • Qalqonsimon bez kasalliklari boshlanishidan himoya qiladi;
  • Gastritni davolaydi;
  • Qonni tozalaydi;
  • Organizmdan radionuklidlarning chiqib ketishini faollashtiradi;
  • Bolalarda raxit va anemiya rivojlanishining oldini oladi;
  • Allergiyani davolaydi;
  • Soch va tirnoqlarning chiroyli o‘sishini ta'minlaydi;
  • Yuzdagi husnbuzarlarni yo‘qotadi;
  • Foydali mikroelementlar yetishmovchiligi sababli yuzaga keladigan ichki organlar kasalliklarini davolaydi;
  • Jig‘ildon qaynashini bartaraf etadi;
  • Asab tizimining me'yorida faoliyat ko‘rsatishini ta'minlaydi.

Shuni anglash lozimki, tuxum po‘chog‘i jiddiy kasalliklarni davolovchi dori vositasi emas, lekin u organizmga kasalliklarni yengishda beminnat yordamchidir.

Tuxum po‘chog‘idan kukun qanday tayyorlanadi?

Mutaxassislar imkon boricha uy tuxumining po‘chog‘idan foydalanishni tavsiya etadilar.

Xom tuxum po‘chog‘i 

Tuxumni chaqib, ichini bo‘shating, po‘choqdagi pardani olib tashlang, so‘ngra uni yuving va 5 daqiqa davomida qaynating. Keyin esa po‘choqni 5-6 soat davomida quriting va yaxshilab tuyib kukun tayyorlang.

Kukunni quruq va qorong‘i joyda og‘zi yaxshilab berkitilgan shisha idishda saqlang.

Qaynatilgan tuxum po‘chog‘i

Qaynatilgan tuxum po‘chog‘ining samarasi pastroq hisoblanadi, lekin u ham foydali. Darvoqe, kukun tayyorlash uchun faqat tovuq va bedana tuxumidan foydalanish lozim, g‘oz va o‘rdak tuxumlari po‘chog‘ida infeksiya uyg‘otuvchilar bo‘lishi ehtimoli yuqoriligi uchun ulardan foydalanish tavsiya etilmaydi.

Qabul qilish

7 yoshli bolalarga bir kunda bir mahal yarim choy qoshiq kukun berish mumkin. 14 yoshdan oshgan bolalar va kattalarga esa bir kunda 1-2 choy qoshiq kukun qabul qilish tavsiya etiladi.

Limon sharbati va tuxum po‘chog‘i kukuni aralashmasi judayam foydali. Bu aralashma diatez simptomi va allergiyani bartaraf qiladi.

Manba: xabardor.uz

Top