09:32 / 05.10.2015
4554

2015 yilda insoniyat tarixida birinchi marta o‘ta qashshoqlik darajasi 10 foizdan pasaydi

Dunyoda o‘ta kambag‘allik darajasi joriy 2015 yilda ilk marotaba sayyoramiz ahlisining 10 foizidan kamrog‘ini tashkil etadi, deya xabar bermoqda Frans Press axborot agentligi Jahon banki hisobotiga tayangan holda.

“Bugungi kunda dunyodagi eng yaxshi xabar bu. Mazkur bashoratlar bizning insoniyat tarixida kambag‘allikning o‘ta og‘ir darajasiga barham berish mumkin bo‘lgan birinchi avlodga aylana olishimizni ko‘rsatmoqda”, - dedi bank prezidenti Jim Yen Kim.

Jahon banki prognozlariga ko‘ra, bu yilda taxminan 702 million kishi yoki dunyo aholisining 9,6 foizi o‘ta qashshoq holda turmush kechirmoqda. Ularning aksariyati – Osiyo va Afrikaning Sahroi Kabir janubidagi hududlarida istiqomat qiladi. 2012 yilda ular soni 902 mln yoki sayyoramiz fuqarolarining 13 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 1999 yilda bu ko‘rsatkich 29 foizga teng bo‘lgan.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, kambag‘allikning og‘ir darajasi pasayishiga iqtisodi rivojlanayotgan mamlakatlardagi o‘sish ko‘rsatkichlari hamda sog‘liqni saqlash va ta'lim sohasiga ajratilayotgan investitsiyalar katta ta'sir ko‘rsatdi. Shu bilan birga, ijtimoiy xavfsizlik tizimi faoliyati ham mazkur natijalarga erishishga xizmat qildi.

Ma'lumot o‘rnida, avvallari kunlik xarajati 1,25 dollargacha bo‘lgan aholi qatlami o‘ta kambag‘al hisoblanar edi. Bugungi kunda esa inflyatsiya hisobiga mazkur mablag‘ kuniga 1,9 dollarni tashkil etmoqda.

Top