Jahon | 12:53 / 05.10.2015
3389
2 daqiqa o‘qiladi

Bir haftada 1,3 ming qochqin Belgiyadan boshpana so‘radi

O‘tgan haftada Belgiya hukumatidan asosan Afg‘oniston, Suriya va Iroq fuqarolari bo‘lgan 1,3 ming nafardan ziyod qochqin boshpana so‘radi. Mazkur ko‘rsatkich avvalgi haftaga nisbatan 10,66 foiz ko‘p deganidir. Bu haqda Boshpana va migratsiya masalalari idorasi xabar qildi.

O‘z navbatida, iroqlik boshpana so‘rovchilar soni kamaygani qayd etildi. Avvalroq esa Belgiya immigatsion hukumati Facebook orqali qirollik hududidagi Iroq fuqarolariga qochqin maqomi berilmasligi va ularga yashash huquqi taqdim etilmasligini ma'lum qilgan edi.

Belgiya hukumati iroqliklarni qochqin emas, balki iqtisodiy muhojirlar sifatida ko‘rmoqda. Boshpana va migratsiya masalalari bo‘yicha Belgiya davlat kotibi Teo Frankenning so‘zlariga qaraganda, Belgiya hududiga kirib kelgan qochqinlarning aksariyat qismi iroqlik, yanada aniqroq aytganda, Bag‘dod shahridan.

Ularning ko‘pchiligi 25-45 yoshdagi erkaklar bo‘lib, Suriya fuqarolaridan farqli ravishda, mamlakatga yolg‘iz, turmush o‘rtoqlar va farzandlarsiz kelishgan.
Rasmiy ma'lumotlarga qaraganda, avgust oyida Belgiyaga qadar yetib kelgan 5,6 ming qochqinning 47 foizi iroqliklar hisoblanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish