07:19 / 05.10.2015
3133

Brendan Rojyers "Everton" bilan durangdan keyin iste'foga chiqarildi

4 oktabr kuni "Everton" va "Liverpul" o‘rtasidagi (2:2) "Mersisayd derbisi" yakunlanganidan ko‘p vaqt o‘tmasdan "Liverpul" jamoasi rasmiy saytida bosh murabbiy Brendan Rojyers bilan shartnoma to‘xtatilgani haqida ma'lumot paydo bo‘ldi.

Bu qaror o‘sha zahoti kuchga kirgan va Rojyers Anfild hududini tark etgan.

"Biz Brendan Rojyersga uning jamoa bilan og‘ir davrlarda birga bo‘lgani uchun minnatdorchilik bildiramiz. Bu qarorga kelish qiyin bo‘ldi, lekin biz shu yo‘l orqali yangi muvaffaqiyatlarga erishishimizga ishonamiz", deyiladi rahbariyat murojaatida.

Ma'lumot uchun, shimoliy irlandiyalik mutaxassis Brendan Rojyers 2012 yilda jamoa bosh murabbiyligiga kelgan, jamoa APLda uning rahbarligida shu vaqtgacha 122ta o‘yin o‘tkazib, shundan 63tasida g‘alaba, 30tasida durang, 29tasida mag‘lubiyat qayd etgandi. U "Liverpul" bilan 2013-2014 yillar mavsumida APLda 2-o‘rinni egallagandi.

Uning jamoa bilan shartnomasi 2018 yilgacha tuzilgandi.

"Liverpul" yangi mavsumda uning boshqaruvida o‘tkazilgan 8ta o‘yinda 3tasida g‘alaba, 3tasida durang va 2tasida mag‘lubiyat qayd etgan holda, 12 ochko bilan turnir jadvalining 10-o‘rinida joylashgan.

Ayni vaqtda "Liverpul" rahbariyati yangi bosh murabbiy izlamoqda. Bu o‘rin uchun asosiy davogar sifatida Yurgen Klopp nomi tilga olinmoqda.

Top