11:14 / 05.10.2015
5701

Bugun Toshkentda "Ipak yo‘lida turizm" xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi ish boshlaydi

Toshkent shahrida 5-7 oktabr kunlari XXI "Ipak yo‘lida turizm" xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Joriy yilda "Ipak yo‘lida turizm - 2015" ekspozitsiyalari zamonaviy O‘zbekiston ko‘rgazma kompleksining 2 ming kvadrat metrli 1- va 2- pavilonlari hamda yozgi ochiq maydonda namoyish etiladi.

Mazkur pavilonlarda yetakchi sayyohlik firmalari, mehmonxona komplekslari, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining hududiy bo‘limlari va turli mamlakatlarning sayyohlik sohasida faoliyat olib boruvchi xususiy kompaniyalari o‘z sayyohlik dasturlarini namoyish etishadi, deya xabar bermoqda “O‘zbekturizm” MK matbuot xizmati.

Mazkur tadbirda 700dan ziyod kompaniyalar, jumladan, sayyohlik tashkilotlari, mehmon uylari, mehmonxona va mehmonxona tarmoqlari, aviakompaniyalar, Dominikan Respublikasi, Malayziya, Singapur, Qozog‘iston, Tojikiston, BAA, Turkiya, Latviya, Slovakiya, Hindiston, Tailand, Turkmaniston, Fransiya, Xitoy, Ispaniya, Vetnam singari turli davlatlarning sug‘urta kompaniyalari ishtirok etadi.

Ko‘rgazma doirasida milliy sayyohlik mahsulotlarining professional xaridorlari uchun “Hosted Buyers” dasturi, V2V shaklidagi biznes-uchrashuv, Jahon sayyohlik tashkiloti bilan hamkorlikda “Madaniy merosni saqlash va uning O‘zbekiston turizmidagi ulushi” mavzusida Xalqaro konferensiya tashkil etiladi.
Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda 7000 dan ziyod tarixiy, me'moriy va arxeologik obidalarga ega. Ularning ko‘pchiligi Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz, Qo‘qon va Toshkent shaharlarida joylashgan.

Ularning 140 tasi YuNESKO tomonidan muhofaza qilinadigan tarixiy yodgorliklar qatoriga kiritilgan.
Yurtboshimiz tashabbusi bilan 1995 yildan buyon muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan "Ipak yo‘lida turizm" nomli Toshkent xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi yetuk mutaxassislar tomonidan ilg‘or xalqaro tadbir sifatida baholanib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon sayyohlik tashkiloti tomonidan e'tirof etildi.

Top