16:51 / 06.10.2015
4907

O‘zbekiston haj missiyasi maxsus tashakkurnoma bilan taqdirlandi

Shu kunlarda O‘zbekistondan Saudiya Arabistoniga borgan haj ziyoratchilarining safarlari nihoyasiga yetmoqda.

"Ta'kidlash joizki, haj ziyoratining barcha bosqichlari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining boshchiligida hamda respublikadagi boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda", deyiladi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati xabarida.

O‘zbekiston hojilarining ziyoratlari tashkiliy jihatdan yuqori darajada amalga oshirilayotgani Saudiya Arabistonining haj ishlariga ma'sul bo‘lgan tashkilotlari tomonidan e'tirof etilmoqda. Ushbu mamlakatda xorijiy davlatlardan kelgan ziyoratchilarning Podshohlik hududida haj amallarini amalga oshirishiga bevosita mutasaddi bo‘lgan, yagona boshqaruv tizimiga ega oltita muassasa mavjud.

Markaziy Osiyo respublikalari, jumladan, O‘zbekiston «Turkiya, Yevropa, Amerika va Avstraliya hojilarining tavof muassasasi» tarkibiga kiradi. Mazkur muassasa qayd etilgan mintaqalardan kelgan haj missiyalari (ishchi guruhlari) bilan hamkorlik qilgan holda hojilarni Madina va Makka shaharlari, Mino vodiysida kutib olish, ko‘chirish va kuzatish, shuningdek, haj amallarini bajarishlarini muvofiqlashtirish, ko‘maklashish va nazorat qilish ishlarini amalga oshiradi.

Kuni kecha mazkur muassasa O‘zbekiston haj missiyasi tomonidan joriy yilda amalga oshirilayotgan tashkiliy ishlarni yuqori baholab, muassasaning maxsus tashakkurnomasi bilan taqdirladi. Ta'kidlash joizki so‘nggi yillarda muassasaning bunday mukofoti sanoqli mamlakatlarning haj missiyalariga taqdim etilgan.

Top