Texnologiya | 18:29 / 06.10.2015
3584
2 daqiqa o‘qiladi

Toyota 2020 yilga qadar haydovchisiz harakatlanuvchi avtomobillar turkumini taqdim etadi

Yaponiyaning Toyota Motor Corp. avtokompaniyasi Tokioda Olimpiya o‘yinlari o‘tkaziladigan vaqtga qadar haydovchisiz harakatlanuvchi avtomobillar turkumini taqdim etadi. Bu haqda avtokonsern vakili tajriba namusi ustida tezkor shossedagi sinov muvaffaqiyatli o‘tkazilgandan so‘ng ma'lum qildi.

“2020 yilda Tokioda Olimpiada o‘tkaziladi. Biz xuddi shu yili mazkur texnologiya foydalanilgan mashinalarning savdoga chiqarilishini xohlar edik”, - deya qayd etdi NHK telekanaliga korporatsiya vakili Yosida Moritaki.

Lexus markali sedan bazasi asosida tayyorlangan tajriba modelini sinovdan o‘tkazishda avtomobil unga o‘rnatilgan datchik va kameralar yuborgan ma'lumotlar asosida tezkor magistralda 8 kilometrlik masofani bosib o‘ta oldi. Mazkur ma'lumotlarni qayta ishlashda yo‘ldagi vaziyatdan kelib chiqib mustaqil qaror qabul qiladigan sun'iy intellektdan foydalanildi.

Masalan, agarda oldinda harakatlanayotgan avtomobil tezligi asosiy oqimdagilardan past bo‘lsa, Toyota haydovchisiz mashinasi mustaqil ravishda quvib o‘tish harakatini bajaradi.

Ma'lumot uchun, o‘tgan 2014 yilda Yaponiyada haydovchisiz harakatlanadigan avtomobillarni ishlab chiqish bo‘yicha tadqiqot markazi ishga tushirilgan edi. Loyihada Vaseda, Kitakyusyu universitetlari, shuningdek, Kyusyu texnologiya universitetining robot texnologiyalari va sun'iy intellekt bo‘yicha mutaxassislari ishtirok etmoqda. Toyota`dan tashqari, Yaponiyadagi Nissan Motor Co., Mazda Motor avtoishlab chiqaruvchilari ham haydovchisiz harakatlanadigan avtomobillar turkumini yaratish bo‘yicha o‘z rejalarini ma'lum qilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish