11:26 / 06.10.2015
4326

"Transaero" uchuvchilari Osiyo aviakompaniyalaridan ish izlashmoqda

Rossiyaning "Transaero" aviakompaniyasining ba'zi uchuvchilari Xitoy, Vetnam va Koreya aviakompaniyalarida ish izlashni boshlashdi. Bu haqda Sheremetevo parvoz tarkibi kasaba uyushmasi prezidenti Igor Deldyujov TASS axborot agentligiga ma'lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, " Aeroflot" 2 sentabrda Transaeroning 75%+1 ta aksiyasini sotib olgan va aviakompaniya yo‘lovchilari oldida barcha majburiyatlarni bajarish javobgarligini o‘z zimmasiga olgan. Rossiya hukumati 1 oktabrda "Transaero" aviakompaniyasini bankrot deb tan olinishi haqida qaror chiqargan.

Deldyujovning aytishicha, ko‘plab uchuvchilar "Aeroflot"da ish o‘rni olishlariga ishonmayaptilar, shuning uchun xorijda, ayniqsa Janubi-Sharqiy Osiyo aviakompaniyalarida ish izlashga tushib ketdilar. Chunki bu yerda aviatashuvlar o‘sishi va yuqori ish haqi kuzatilmoqda.

Deldyujovning fikricha, "Aeroflot" rahbarining " Transaero"ning 5-6 ming xodimini qabul qilishi borasidagi rejalari piar-aksiya bo‘lib, undan maqsad xodimlarni tinchlantirishdir.

"Kompaniya buncha odamni ishga qabul qilishi dargumon. Ko‘pchilik uchuvchilar kredit, ipoteka qarzlariga egalar. Bunday ahvolda shturvalga qanday o‘tirib bo‘ladi? Shak-shubhasiz, ularni qandaydir yo‘l bilan tinchlantirish kerak edi", deb aytmoqda Deldyujov.

Top