10:54 / 06.10.2015
4573

YuNVTO ijrochi direktori O‘zbekistonga kelish uchun besh sababni aytdi

Bugun Toshkentda ochilgan “Ipak yo‘lida turizm” XXI xalqaro turistik yarmarkasining asosiy mehmoni BMT butunjahon turistik tashkiloti (YuNVTO) ijrochi direktori Zoltan Shomogi bo‘ldi.
“Jahon” agentligi bilan o‘tkazilgan suhbat chog‘ida u O‘zbekistonning turistik salohiyatiga baho berdi.

“Respublika tashkilotimizning eng muhim a'zolaridan biridir, - dedi u. – O‘tgan yili biz Samarqand Ipak yo‘lidagi turizm deklaratsiyasining qabul qilinishining 20 yilligini nishonladik. O‘sha yilning oktabrida Samarqandda YuNVTO Ijroiya qo‘mitasi 99-sessiyasining muvaffaqiyatli o‘tkazilishi hamkorlikning kengayishidan dalolat bo‘ldi”.

Shuningdek, u O‘zbekistonga nimaga kelish kerakligi haqida o‘z fikrlarini aytib o‘tdi.
“Birinchidan, bu tinchlik va sokinlik hukm surayotgan mamlakatdir. O‘zbek xalqining oliyjanobligi, mehmondo‘stligi va samimiyligi butun dunyodan mehmonlarni ohanraboday tortadi, - dedi Shomogi. – Ikkinchidan, go‘zal tabiat, o‘ziga xos flora va fauna tabiat shinavandalarining ulkan qiziqishiga sabab bo‘ladi.

Uchinchidan, O‘zbekiston turizm miqyosi va tarixiy yodgorliklar miqdori jihatidan jahonda kuchli o‘nlikka kiradi. Mamlakatingizda 7 mingdan ortiq tarixiy, me'moriy va madaniy yodgorliklar bor. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz YuNeSKO butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bundan tashqari, o‘zbek madaniyati o‘ziga xos va boy merosga egadir.

Bu raqslarda, musiqada, rassomchilikda, amaliy san'atda, milliy oshxona va liboslarda aks etadi. Nihoyat, O‘zbekiston zamonaviy, tez sur'atlarda o‘sayotgan davlatdir, u noqulay tashqi iqtisodiy vaziyatga qaramay, 11 yildirki 8 foizlik o‘sish ko‘rsatmoqda”.

Top