Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston vakillari Dohadagi boks bo‘yicha JChni muvaffaqiyatli boshlashdi
6 oktabr kuni Qatar poytaxti Doha shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati boshlandi. O‘z tarixida 18-marotaba tashkil etilayotgan dunyo birinchiligida 260 nafar bokschi 10ta vazn toifasida bahslarga kirishdi.
Jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini Hasanboy Do‘smatov, Shahobiddin Zoirov, Murodjon Ahmadaliyev, Fazliddin G‘oibnazarov, Elnur Abduraimov, Bektemir Meliqo‘ziyev, Elshod Rasulov, Rustam To‘laganov hamda eng og‘ir vazn toifasida Bahodir Jalolov himoya qiladi.
Kecha musobaqaning ilk kunida o‘zbekistonlik ikki nafar bokschi ringga ko‘tarildi. 56 kg vazn toifasidagi Murodjon Ahmadaliyev italiyalik raqibi Franchesko Mayettuni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Uning ikkinchi davradagi raqibi qozog‘istonlik Qayrat Yeraliyev bo‘ladi. Bu haqda "Olamsport.som" xabar bergan.
75 kg vazn toifasida Osiyo chempioni Bektemir Meliqo‘ziyev esa birinchi raunddayoq gruziyalik Zaala Kvachatadzeni nokautga uchratdi. Yosh Bektemir ikkinchi bosqichda fransiyalik Kristian Mbilliassomoga qarshi ringga ko‘tariladi.
Bugun, 7 oktabr kuni 60 kg vazndagi Elnur Abduraimov jazoirlik Redda Benbaziz bilan, +91 kg vazndagi vakilimiz Bahodir Jalolov Jazoirning yana bir vakili Muhammad Grimes bilan, 81 kg vazndagi tajribali Elshod Rasulov esa venesuelalik Alberto Ramrea Durano bilan jang o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatiga eng ko‘p ishtirokchi Yevropadan kelgan – 94 nafar. Osiyodan – 66, Shimoliy va Janubiy Amerikadan – 51, Afrikadan – 32, Okeaniyadan – 17 nafar bokschi chempionat medallari va Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari uchun ringga ko‘tarilyapti.
Final janglari 15 oktabrga belgilangan. Ushbu jahon chempionati Rio-2016 Olimpiadasiga yo‘llanma berishi bilan ahamiyatli hisoblanadi.