09:46 / 07.10.2015
7857

«O‘zbekenergo» 2016 yildan foydalanilgan elektr energiyasini hisoblovchi yangi elektron uskunalar o‘rnatadi

Milliy matbuot markazida «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati faoliyatini yanada takomillashtirish va sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish hisobidan foydalanilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitob intizomini mustahkamlashga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda UzA xabar bergan.

Matbuot anjumanida «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati, foydalanilgan energiyani hisobga olish elektron uskunalari ishlab chiqarish korxonalari vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

Zamonaviy axborot texnologiyalarini energetika sohasiga integratsiyalashtirish elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilar va undan foydalanuvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi hamda energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish va yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Prezidentimizning 2012 yil 21 martdagi «Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlarni izchil takomillashtirishda muhim omil bo‘lmoqda.

“O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati “O‘zelektrtarmoq” unitar korxonasining “Energo ABT sozlash” funksional filiali direktori F.Shamshiyevning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda jamiyat tomonidan energetika sohasini yanada axborotlashtirish va kompyuterlashtirishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqilayotgan va sohada foydalanilayotgan dasturiy komplekslar va axborot tizimlari ilgari qo‘lda bajarilgan ko‘plab operatsiyalarni avtomatlashtirish, elektr energiyasi yetkazib beruvchilar va iste'molchilar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, murojaatlarni qabul qilish jarayonini soddalashtirish imkonini bermoqda. Bundan tashqari, iste'mol qilingan elektr energiyasi haqini to‘lash intizomini ta'minlash borasida ham salmoqli natijalarga erishildi.

Masalan, avval aksariyat maishiy iste'molchilar foydalangan elektr energiyasi haqini ikki-uch oyda bir marta to‘lagan bo‘lsa, endi elektr energiyasi iste'molini hisobga olish va nazorat qilish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim joriy etilgani va yangi elektron hisobga olish uskunalari o‘rnatilayotgani tufayli energiya haqi oldindan to‘lanmoqda. Ayni paytda Toshkent shahrida xuddi shunday qariyb ikki yuz ming elektron hisoblagich uskunasi o‘rnatilgan. Buning natijasida elektr energiyasi uchun qarzdorlik ikki barobar kamaydi. “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati esa shahar elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish imkoniga ega bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 22 avgustda qabul qilingan “Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori va O‘zbekiston Respublikasining “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati hamda “Fido-Biznes” mas'uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Elektrni hisobga olish” dasturiy kompleksiga elektr energiyasi iste'molini hisobga olish va nazorat qilish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimning integratsiyalashtirilishi bu borada navbatdagi bosqich bo‘ldi. Ushbu kompleks joriy etilgach, “O‘zbekenergo” mijozlari yangi xizmatlardan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi. Xususan, energiya haqini onlayn rejimida to‘lash, pul tushishini kuzatish, bevosita kompaniyaga elektron so‘rovlar va ta'mirlash ishlarini o‘tkazish uchun ariza jo‘natish imkoniyati yaratildi.

Mazkur dasturiy kompleksda elektr energiyasi iste'molini aniq va oshkora hisobga olishni ta'minlash, energiya sarfi haqida ishonchli axborot to‘plash jarayoni samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan. Dasturiy kompleks yetkazib berilayotgan elektr energiyasi uchun mablag‘larni o‘z vaqtida to‘plash mexanizmi samaradorligini oshirish, hisob-kitob va to‘lovlar jarayoniga inson faoliyati ta'sirini kamaytirish, tezkor axborot taqdim etish va to‘lovlarni to‘lashning qulay usullarini taqdim etishga yordam bermoqda. Chunonchi, tijorat banklari, “O‘zbekiston pochtasi”, PAYNET va SMS-xabar to‘lov tizimlari orqali pul to‘lash shular jumlasidandir.

«O‘zbekenergo» matbuot anjumani vaqtida 2016 yildan o‘rnatila boshlanadigan, foydalanilgan elektr energiyasini hisobga olish bo‘yicha zamonaviy elektron uskunalarni namoyish qildi. Aytilishicha, bu yangi uskunalar yuqori darajada aniq va ishonchli ishlaydi, tashqi ta'sirdan to‘liq himoyalangan.

Top