Jamiyat | 20:03 / 07.10.2015
3807
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada rubl qadri pasayishi rossiyaliklarning hajga borish ko‘rsatkichlariga ta'sir qildi

Joriy yilgi haj marosimlarini ado etish uchun Saudiya Arabistonidagi Makka va Madina shaharlariga Rossiyadan belgilangan 16,4 ming kishi o‘rniga 13,2 ming kishi bordi. Bu esa ilk marta belgilangan kvotalarning to‘ldirilmasligi bo‘ldi. Bu haqda Moskvadagi matbuot anjumani vaqtida Rossiya musulmonlar diniy boshqarmasi vakili Ali Xasanov ma'lum qilgan.

"Bu yilda 13,2 ming nafar rossiyalik hajga bordi. Ko‘rsatkichlarning pasayishi dollar kursi bilan bog‘liq bo‘ldi, safar xarajatlari qimmatlashdi. Natijada hajga borishni istaganlarning barchasi ham bunga erisha olmadi", deydi Ali Xasanov.

U Checheniston va Ingushetiya hududidan kvotada ko‘rsatilganlarning barchasi hajga borganini ta'kidlagan. Shuningdek, bu yilda Qrimdan hajga boruvchilar soni 2 barobar ortgan.

"Bu boradagi yakuniy ko‘rsatkichlar 10 oktabr kuni, barcha ziyoratchilar vatanga qaytib kelganidan keyin ma'lum bo‘ladi", deydi u.

Ma'lum qilinishicha, Rossiyada hajga borish xarajatlari 1 kishi uchun 2,9 ming dollardan 8,5 ming dollargacha bo‘lgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish