17:43 / 07.10.2015
4309

Samarqanddagi bir necha to‘yxonada gaz so‘rib olish moslamalaridan noqonuniy ravishda foydalanib kelinayotgani aniqlandi

Jurnalist Samarqand shahrida faoliyat olib borayotgan bir qator to‘yxona va restoranlardagi holatni o‘rgandi. Unda hayotga tatbiq etilishi lozim bo‘lgan tavsiya va tartiblarga to‘yxona rahbarlari befarqlik bilan qarayotganligi ma'lum bo‘ldi. Bu haqda “Zarafshon” gazetasining internetdagi saytida yozilgan.

Jumladan, Samarqand shahridagi «Bahor» to‘yxonasi bir necha yillardan beri faoliyat ko‘rsatayotganligiga qaramasdan, binoning loyiha va kadastr hujjatlari, ekspertiza xulosalari yo‘qligi aniqlangan.

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu to‘yxona binoda noqonuniy ravishda gaz so‘rib olish moslamasi o‘rnatilgan. Oshxonada esa sinovdan o‘tkazilmagan maishiy gaz ballonlaridan foydalanilmoqda. Kuzatuv kamerasi va terminal apparati ishlamaydi.

«Xazora» to‘yxonasida ham terminal apparati o‘rnatilmagan. Binoda yong‘indan xabar beruvchi avtomatik moslamalar yo‘q, tabiiy gazdan esa rezina shlanglar orqali foydalanib kelinyapti. Oshxona sanitariya-gigiyena talablariga mutlaqo javob bermaydi", deyiladi xabarda.

«Zolotoy dvorets», «Feruza» to‘yxonalarida qo‘lbola gaz so‘rib olish moslamalaridan noqonuniy tartibda foydalanib kelinayotganligi aniqlanib, shahar gaz filialining mas'ul xodimlari tomonidan tegishli tartibda rasmiylashtirilgan va tarmoqdan uzib qo‘yilgan. Oshpazlar maxsus ish kiyim bilan ta'minlanmagan, xizmatchilarga mehnat shartnomasi rasmiylashtirilmagan, ularda tibbiy ko‘rik daftarchalari yo‘qligi qayd etilgan.

"Oshxonalar sanitariya-gigiyena qoida va talablariga mutlaqo javob bermaydi. Chiqindilardan tozalanmagan, toza ichimlik suvi va oqova tarmog‘iga ulanmagan, nosoz elektr tarqatish qutilari va elektr rozetkalari, xavfli maishiy gaz ballondan foydalanib kelingan", deb yozadi jurnalist.

Top