Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
WP: AQSh Adliya vazirligi minglab mahbuslarni muddatidan avval ozodlikka chiqarishga tayyorlanmoqda
Amerika Qo‘shma Shtatlar Adliya vazirligi yaqin vaqtlar ichida zo‘ravonlikka qo‘l urmagan holda jinoyat sodir etib, jazoni ijro etayotgan bir necha ming kishini muddatidan oldin qamoqxonalardan chiqarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
30 oktabrdan 2 noyabrga qadar federal qamoqxonalardan 6 mingga qadar kishi ozod etilishi mumkin, deya yozmoqda Washington Post.
Qayd etilishicha, mazkur qaror so‘nggi o‘n yillarda uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilingan giyohvand moddalarga qaram kishilarga nisbatan adolatning tiklanishiga xizmat qiladi. Shuningdek, muayyan shartlar evaziga muddatidan oldin ozod qilish orqali qariyb to‘lgan qamoqxonalar bo‘shatib olinadi.
Barcha jarayonlar 46 ming nafargacha kishini qamrab olishi mumkin, ularning 6 ming nafari 2015 yil kuzida ozod qilinsa, yana 8,5 ming kishi kelgusi yil kuzigacha erkinlikka chiqariladi.
Qayd etilishicha, Adliya vazirligi prokurorlarga zo‘ravonlikka asoslanmagan narkotiklar bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan qat'iy jazolarni qo‘llamaslikni topshirgan. Tabiiyki, bu buyruq uyushgan jinoiy guruh va narkokartellar a'zolariga tegishli emas.
Hibsda saqlanayotganlar ozodlikka chiqish uchun bu haqda qaror qabul qilinganidan so‘ng ma'muriyatga bildirishnoma topshirishlari lozim.
Ushbu tashabbusga e'tiroz bildirib, jinoyatlar soni ortishi mumkinligidan hayiqayotganlarga javob tariqasida Adliya vazirligi sobiq jinoyatchilar doimiy nazorat ostida bo‘lishi, ularning uchdan bir qismiga yaqini esa o‘z vatanlariga qaytarib yuborilishini ma'lum qildi.