Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
9 oktabr kuni «Umr bekatlari» hujjatli filmi taqdimoti bo‘lib o‘tadi
9 oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida, «Keksalarni e'zozlash yili» Davlat dasturi ijrosini ta'minlash maqsadida «O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga asosan Ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasi tomonidan suratga olingan «Umr bekatlari» hujjatli filmi taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda «O‘zbekkino» MA xabar bergan.
Hujjatli film qahramoni – asli shahrixonlik, ayni kunlarda Toshkent shahrida istiqomat qilayotgan, bu yil 101 bahorni qarshilagan Halima aya Qayumovadir. Butun hayotini temiryo‘l sohasiga bag‘ishlagan aya 24 yoshidan boshlab nafaqaga chiqquniga qadar temiryo‘l o‘tkazgichi (strelochnik) sifatida ishladi.

Yosh ijodkor Lobar Qobilova ssenariysi asosida rejissyor Muzaffar Erkinov tomonidan suratga olingan filmda ayaning strelochnik sifatida mehnat qilgan ilk davrlari badiiylashgan talqinda tasvirlangan bo‘lib, yosh Halimani tashqi ko‘rinishi uning yoshligiga o‘xshash taniqli aktrisa Nigora Karimboyeva gavdalantirgan.
«Hujjatli film zerikarli asar degani emas. Unda albatta badiiylik unsurlari bo‘lishi kerak», – deydi film rejissyori M.Erkinov. Stsenariy muallifining qayd etishicha, Halima ayaning ibratli umr yo‘li yoshlarga o‘z kasbiga sadoqat, tanlagan yo‘lida sobitqadam bo‘lish, mehr-muhabbat, fidoyilik jihatlari bilan namuna bo‘la oladi.
Film taqdimoti va ijodkorlari bilan uchrashuv 15:00da boshlanadi. Tadbirni yoritishni istagan ommaviy axborot vositalari vakillarini hujjatli film taqdimotiga taklif qilamiz. Zarur ma'lumotlarni Agentlikning matbuot xizmati bilan bog‘lanib olishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 29 sentabr kuni Respublika Kinochilar uyida «Keksalarni e'zozlash yili» Davlat dasturi ijrosini ta'minlash maqsadida «O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga asosan suratga olingan «Adabiyot sarmanzillari», «Donish daraxti» va «Usta» hujjatli filmlari taqdimoti bo‘lib o‘tgandi.
Hozirgi vaqtda matematik olim, akademik Mahmud Salohiddinov, O‘zbekiston xalq artistlari Yoqub Ahmedov, Rixsi Ibrohimova, Yayra Abdullayeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Klara Jalilova hayoti, ilmiy va ijodiy faoliyati haqidagi hujjatli filmlar tayyorlanmoqda, O‘zbekiston xalq artistlari Husan Sharipov, San'at Devonov, Bahodir Yo‘ldoshev, O‘zbekiston xalq rassomi Javlon Umarbekov, O‘zbekiston san'at arbobi Rixsivoy Muhammadjonov to‘g‘risidagi hujjatli filmlar ssenariylari ustidagi ishlar davom ettirilmoqda.