Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Alibobo Rahmatullayev: "Klub futbolchilarni aldadi, "Revan" bankrot bo‘lgan"
Ozarbayjonning "Revan" jamoasida bir muddat faoliyat ko‘rsatgan o‘zbekistonlik futbolchi Alibobo Rahmatullayev jamoadan ketgani sabablarini ma'lum qildi.
- "Revan" klubiga yaxshi niyatlar bilan borgandim. Biroq klub futbolchilarning maoshlarini bermay aldab yurdi. "Revan" ayni paytda bankrot bo‘lgan. Ko‘plab futbolchilar ketishga majbur bo‘lishdi. Ular endi o‘zining yosh futbolchilarini o‘ynatishmoqchi. Mendan tashqari jamoaning yetakchi futbolchisi ham klub bilan hayrlashdi.
Keyinchalik shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘dan juda past maosh beramiz deyishdi. Jamoa bosh murabbiyi meni qolishimni juda xohlagandi. Lekin klub shartnomaga amal qilmaganidan keyin qolishdan naf yo‘q edi. Yaxshiki, Toshkentgacha qaytishim uchun chiptam bor edi. Qishga qadar jamoada qolsam ham bo‘lardi. Gap faqat pulda emas, biroq klub futbolchini aldaganidan so‘ng qolishdan ne foyda?
"Revan" jamoasi direktori ko‘p yolg‘on so‘zlarkan. Shu vaqtgacha faqat bir oylik maoshni oldim. Qolganlar o‘shani ham olisholmadi.
To‘g‘risi, Ozarboyjon matbuoti yozgan narsani o‘qib hayron qoldim. Ular o‘z jamoalarini oqlab yozishgan. Nima uchun legionerlar kutilgandek o‘ynay olishmadi deb yozib qo‘yishgani tushunarsiz holat. Nima ham derdim, xudo insof bersin.
Ba'zi mahalliy futbolchilarini yoshlar tarkibiga o‘tkazib, yaxshi o‘ynolmadinglar deb maoshlarini qisqartirib tashlashdi. Ular haqida xabarda yozishmagan", deydi futbolchi.
Bundan oldinroq, "Revan" Alibobo Rahmatullayevni ortga qaytarib yuborgani haqida xabar berilgan va Bunga sabab sifatida futbolchining o‘yini jamoani qoniqtirmagani aytilgandi.
O‘tgan oyda ushbu futbolchi "Navbahor" jamoasi safidan "Revan"ga borib qo‘shilgani va ozarlar jamoasi bilan 1,5 yillik shartnoma imzolangani xabar qilingandi.
Biroz oldinroq, u O‘zbekistondagi nashrlardan biriga bergan intervyusida yangi jamoasidagi sharoitlardan ko‘ngli to‘lgani, "qachondir xorijda to‘p surishimga ishongani" haqida aytib o‘tgandi.