Jahon | 19:58 / 09.10.2015
6512
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda 360 kg keladigan bemor pitssaga buyurtma bergani uchun shifoxonadan haydab yuborildi

AQShning Rod-Aylend shtatida semizlikdan aziyat chekuvchi bemor pitssaga buyurtma bergandan keyin o‘zi davolanayotgan shifoxonadan haydab yuborildi. Oqibatda 360 kilogramm tosh bosadigan Stiven Assanti avtomobilda yashashiga to‘g‘ri keldi, chunki uning yaqinlari unga uyga qaytishga ruxsat berishmadi. Bu haqda The Daily Mail nashri ma'lum qildi.

30 yoshli Assantining aytishicha, u 80 kunlik davolash kursidan o‘tgan va 9 kg ga ozishga muvaffaq bo‘lgan, biroq u oxir-oqibat parhezga chidolmadi: erkak o‘zi yaxshi ko‘rgan pitssaga buyurtma berishga qaror qilgan.

Assanti bu qilmishi uchun shifoxonani tark etishi so‘ralgach, u uyiga qaytishga qaror qilgan, biroq bu uning ota-onasiga xush kelmagan. Yigitning otasi Stiven Veyyettening aytishicha, uning o‘g‘li nazorat va kuzatuvda bo‘lishga muhtoj va bunga faqatgina shifoxonada erishish mumkin, shuning uchun ozish dasturini yana boshlash haqida kelishish zarur.

Assanti uyiga kiritilmagach, otasining yo‘ltanlamas avtomobilida yashashga qaror qildi. U bu mashinada shifoxonaga kelgan edi. Yigit mehmonxonada yashashga moddiy imkoni yo‘qligini aytmoqda. “Men yegulikka ruju qo‘yganman, men buni tushunaman. Ha, bu kasallik”, deb tan olmoqda Assanti.

Shifoxonada Stivenning davolash dasturidan chetlatilganini tasdiqlashdi, biroq maxfiylik nuqtai nazaridan tafsilotlarni berishdan bosh tortishdi.

The Daily Mirror nashrining ta'kidlashicha, Assanti ozish dasturida ishtirok etishi muhim bo‘lgan, chunki uning vazni unda oshqozon shuntirlashini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan darajaga keltirilishi kerak edi. Bu operatsiya odatda semizlikka qarshi kurashda qo‘llanib, oshqozonning hajmini kamaytirishga qaratilgan. Stiven buning uchun taxminan 247 kg gacha ozishi kerak edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish