11:43 / 09.10.2015
6752

Olga Smorodskaya: Afsuski Vitaliy Denisov Rossiya terma jamoasi uchun o‘ynamaydi

Moskvaning "Lokomotiv" jamoasi o‘zbekistonlik futbolchi Vitaliy Denisov bilan shartnomasini uzaytirgan. Bu haqda jamoa prezidenti Olga Smorodskaya TASC nashriga bergan intervyusi chog‘ida ma'lum qilgan.

U o‘z javobida o‘zbekistonlik himoyachi bilan uzaytirilgan bitim bandlariga aniqlik kiritmagan.

"U bilan bitim uzaytirib bo‘lingan. Qancha muddatgaligini aytmayman. Vitaliy kuchli futbolchi. Afsuski u O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi hisoblanadi va Rossiya uchun o‘ynay olmaydi", deydi Smorodskaya.

Ma'lumot uchun, Vitaliy Denisov 1987 yilning 23 fevralida Toshkentda tug‘ilgan. U futbol bilan shug‘ullanishni "Paxtakor" maktabida boshlagan. Ko‘p o‘tmasdan Moskvadagi "Akademika" maktabiga yo‘l olgan. U 2003 yilda TsSKA jamoasiga o‘tgan va bu jamoa bilan UYeFA Kubogi hamda Rossiya Kubogiga ega chiqqan.

2006 yildan esa Denisov Ukrainaning "Dnepr" jamoasi a'zosiga aylangan. U bu jamoaning asosiy yetakchilaridan biriga aylanib, bu yerda 164 marta o‘yinlarda maydonga tushgan.

2013 yilda uni Moskvaning "Lokomotiv" klubi transfer qilgan. U navbatdagi jamoasi bilan 2014 yilda chempionatning bronza medallarini ko‘ksiga taqqan, 2015 yilda esa Rossiya Kubogini boshi uzra ko‘targan.

Vitaliy Denisov 2006 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasida asosiy tarkibda o‘yinlarda ishtirok etib keladi. Ushbu chap qanot himoyachisi 2013 yilda O‘zbekistonda eng yaxshi futbolchi sifatida tan olingandi.

Top