Jahon | 23:36 / 09.10.2015
7943
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Suriyada bir kunda 300 ga yaqin jangari yo‘q qilinganini ma'lum qildi

Rossiya harbiy-koinot kuchlarining samolyotlari o‘tgan kun ichida Suriyada 67 ta jangovor parvoz amalga oshirdi va IShIDning 60 ta obektiga zarba berdi. Oqibatda 300 ga yaqin jangari yo‘q qilindi. Bu haqda 9 oktabrda Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i o‘rinborsari general-leytenant Igor Makushev ma'lum qildi. Bu haqda RIA “Novosti” xabar berdi

100 ga yaqin jangari Aleppo viloyatida sobiq qamoqxona binosidagi o‘q-dorilar omborxonasi bombardimon qilinganda yo‘q qilindi. Yana 200 ga yaqin jangari, shu jumladan IShIDning 2 nafar dala qo‘mondoni “Liva-al-Haq” guruhi shtabiga berilgan aviazarbalar paytida yo‘q qilindi (Institute for the Study of War ma'lumotlariga ko‘ra, bu shtab Xoms viloyatida joylashgan).

Shuningdek, oxirgi kunlarda berilgan zarbalar oqibatida IShIDning Lataqiyadagi 6 ta qo‘mondonlik punkti va aloqa uzellari, 6 ta o‘q-dori va yonilg‘i saqlanadigan omborxona, 17 ta terrorchilarni tayyorlash bazasi va lageri, uchta yer osti inshooti, 16 ta istehkom, 17 ta avtomobil va zirhli texnika birligi va 2 ta yalpi o‘t ochish reaktiv tizimi yo‘q qilindi.

Shu paytgacha Rossiya Mudofaa vazirligi hisobotlarida aviazarbalar davomida faqatgina jangarilarning infratuzilma obektlari, o‘q-dorilar omborxonalari, qo‘mondonlik punktlari va mashg‘ulot bazalari yo‘q qilingani haqida aytilgan edi. Vazirlik jangarilar orasidagi yo‘qotishlar haqida hech qanday ma'lumot bermagandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish