14:19 / 10.10.2015
7901

Anqara markazida portlashlar: kamida 20 kishi halok bo‘ldi (Video)

Turkiya poytaxti Anqara shahri markazida 2 marta kuchli portlash sodir bo‘ldi.

Xabar qilinishicha, bu portlashlar temir yo‘l bekati yaqinida sodir bo‘lgan va hodisa natijasida kamida 20 kishi halok bo‘lib, 100 ga yaqin kishi jarohatlangan.

Qurbonlar soni ortishi mumkinligi aytilmoqda.

Yerda yotgan va halok bo‘lganlarning tanalari ko‘rinib turgan voqea joyida olingan suratlar ijtimoiy tarmoqlar bo‘ylab tarqalmoqda.

Turkiya hukumati bu hodisani terakt sifatida baholagan.

Anadolu axborot agentligi xabariga ko‘ra, bu terakt odam tanasiga o‘rnatilgan bombaning harakatga keltirilishi orqali sodir etilgan.

Turk OAVlarining yozishicha, bu portlashlar Kurdiston ishchilar partiyasiga nisbatan ayricha munosabatlar ko‘rsatilayotganiga norozilik sifatida "Tinchlik va demokratiya uchun" shiori ostida o‘tkazilishi rejalashtirilgan namoyish arafasida sodir etildi.

Kurdlarning siyosiy nizolarni qoralovchi HDP tashkiloti a'zolari shu yilning iyunida Diyorbakirda amalga oshirilgan terakt tufayli ham jabrlanishgandi.

Ayni vaqtda HDP yetakchisi barcha mitinglarni bekor qilgan. U bu portlashlarda rasmiy Anqarani ayblab chiqqan.

Top