15:54 / 10.10.2015
4418

Kluni va Yoxansson ishtirokidagi "Salom, Tsezar!" filmining ilk treyleri chiqarildi

Universal kinostudiyasi Itan va Joel Koen tomonidan ishlangan, Gollivudning mashhur ikki aktyori, Jorj Kluni hamda Skarlett Yoxansson rol ijro etgan "Salom, Tsezar!" nomli kinokomediya uchun ilk treyler chiqardi.

Cinemablend nashri xabariga ko‘ra, bu film keyingi yilning fevralida kinoprokatga chiqariladi.

Film syujyetiga ko‘ra, Jorj Kluni yaratgan qag‘ramon "Salom, Tsezar!" nomli tarixiy filmda suratga tushishga tayyorlanayotgan vaqtda jinoyatchilar guruhi tomonidan o‘g‘irlab ketiladi. Ushbu film rejissyorini gavdalantirgan Josh Brolin esa o‘z filmini suratga olish ishlarini davom ettirish uchun uni qutqarishga harakat qiladi.

Ushbu filmda Kluni va Brolindan tashqari, Reyf Fayns, Skarlett Yoxansson, Tilda Suinton va Chenning Tatum kabi taniqli aktyorlar ham ishtirok etishgan.

Ushbu film ijodkorlari Itan va Joel Koen zamonaviy Gollivudning eng faol va hurmat qozongan rejissyorlari hisoblanishadi. Ular 4ta "Oskar" mukofotiga loyiq ko‘rilishgan. Xususan, 2007 yilda "Bu yer qariyalarning joyi emas" filmi uchun, "Eng yaxshi film", "Eng yaxshi rejissyorlik ishi", "Eng mos ssenariy" yo‘nalishlarida, 1996 yilda esa "Fargo" filmi uchun "Eng original ssenariy" yo‘nalishida.

Aka-uka rejissyorlar 10 marta Amerika kinoakademiyasi tomonidan taqdirlanishgan.

Shuningdek, Koenlar Kann festivalida "Barton Fink" filmi uchun "Oltin palma yaprog‘i" mukofotini qo‘lga kiritishgan. Ularga Kann festivalida "Fargo" va "Aslida bo‘lmagan inson" filmi uchun "Eng yaxshi rejissyorlik" yo‘nalishida taqdirlanishgan.

2015 yilda ular Kann kinofestivalining hakamlari safida bo‘lishdi.

Top