Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Murodjon Ahmadaliyev Qatardagi JCh yarim finaliga chiqdi
Qatar poytaxti Doha shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari zafarli odimlashda davom etishmoqda.
Bugun boshlangan chorak final bahslarida dastlab ringga chiqqan Murodjon Ahmadaliyev (56 kg vazn)Tailand vakili Chatchay Butdeni mag‘lub etdi va yarim final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
U o‘zining prinsipial raqibini 3:0 (29:28, 30:27, 30:27) hisobida g‘alaba qilgan.
Qayd etish kerakki, bu orqali u tailandlik bokschidan revansh oldi. Ushbu bokschilar 2015 yilgi Osiyo chempionati finalida ham to‘qnash kelishgan va unda Tailand vakili g‘alaba qilgandi.
Ma'lumot uchun, Murodjon Axmadaliyev nimchorak bosqichida o‘z vazn toifasida birinchi raqam ostida saralangan qozog‘istonlik Kayrat Yeraliyevni 3:0 hisobida mag‘lub etib, chorak finalga chiqqandi. Undan oldinroq esa Italiya vakili Francheskom Mayettoni ishonchli tarzda mag‘lubiyatga uchratgandi.
Shu tariqa, Ahmadaliyev turnirda kamida bronza medalni kafolatladi. U yarim finalda g‘alaba qilsa, Braziliyada 2016 yili bo‘lib o‘tadigan Rio Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Bugun o‘zbekistonlik yana 6 nafar bokschi o‘z janglarini o‘tkazishi kutilmoqda.
60 kg. Elnur Abduraimov (O‘zbekiston) – Otgondalay Dorjnyambuu (Mo‘g‘uliston)
64 kg. Fazliddin G‘oibnazarov (O‘zbekiston) – Vinchentso Mangiakapre (Italiya)
75 kg. Bektemir Meliqo‘ziyev (O‘zbekiston) – Pyotr Xamukov (Rossiya)
81 kg. Elshod Rasulov (O‘zbekiston) – Adilbek Nizimbetov (Qozog‘iston)
91 kg. Rustam To‘laganov (O‘zbekiston) – Erislandi Savon (Kuba)
+91 kg. Bahodir Jalolov (O‘zbekiston) – Hussayn Ishaish (Iordaniya)