11:38 / 10.10.2015
7196

OAV: AQSh IShIDga qarshi kurashda hali yutuqlarga erishgani yo‘q

AQSh tomonidan IShID terrorchilik tashkilotiga qarshi kurash va Suriyada barqarorlikni vujudga keltirish uchun qo‘llanilayotgan choralar hozircha sezilarli natija berayotgani yo‘q. Mazkur baho 9 oktabr kuni New York Times gazetasining elektron shaklida e'lon qilingan maqolada keltirib o‘tiladi.

“Amerika tomonining harakatlari, tanqidchilar qayd etganidek, ba'zida qarama-qarshi kelib qolib, eng yaxshi holatda ma'nosiz natijalarga erishishga xizmat qilmoqda”, - qayd etadi nashr. Uning nuqtai nazariga ko‘ra, Vashingtonning harakatlar to‘rtta asosiy yo‘nalishga bo‘linadi.

Ulardan biri AQSh fikriga ko‘ra IShID jangarilariga qarshi kurashadigan qurolli tuzilmalarning o‘zagini tashkil etuvchi Suriya muholifati jangarilarining Pentagon tomonidan o‘qitilishi va qurollantirilishi edi. Nashrning qayd etishicha, 500 mln dollarlik mazkur dasturni amalga oshirishda harbiy xizmatdan qochish, askarlikka chaqirilgan sonining yetishmasligi kabi ko‘plab muammolar vujudga keldi va natijada bir necha kishigina tayyorlandi.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi tomonidan Suriya hukumati qo‘shinlariga qarshi kurashayotgan bir qator guruhlarga maxfiy yordam ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan ikkinchi yo‘nalishda ham unchalik omad kulib boqmadi. Nashrning qayd etishicha, mazkur dastur bo‘yicha o‘qitilayotgan bir qator jangarilar “al-Qoida”ning Suriyadagi bo‘linmasi – “Dabhat an-Nusra” guruhi bilan bog‘lanishgan. Oqibatda jangarilar dasturda qatnashayotgan asosiy tuzilmalarga hujum qilib, ko‘plab Amerika qurol-yarog‘lari, jumladan, zamonaviy tankka qarshi raketalarni qo‘lga kiritishgan.

AQSh uchinchi yo‘nalish - Rakka shahrini mudofaa qilish, IShIDga qarshi hujum tashkil etish ko‘zlangan 3 mingdan 5 mingacha arab jangarilarini 20 ming kurd askarlari bilan birgalikda qurollantirish rejasiga ko‘proq e'tibor qaratayotgani to‘g‘risida ham materialda to‘xtalib o‘tildi. Mazkur kuchlardan Turkiya va Suriya chegarasi hududida “xavfsiz zona” tashkil etishda foydalanish rejalashtirilmoqda.

AQShning Suriyadagi harakatlarida to‘rtinchi va asosiy yo‘nalish sifatida IShID pozitsiyalari bo‘ylab aviazarbalar berish aytilgan. Mazkur hujumlarga qaramasdan, jangarilar guruhi hali ham nafaqat Rakka, balki Iroqning Mosul va Ramadi shaharlarida ham yashirinishmoqda.
New York Times, shuningdek, Rossiya Suriyada harbiy harakatlarni boshlaganidan so‘ng AQSh Rossiya harbiy samolyotlari bilan to‘nashuvlar ehtimolini kamaytirish uchun Suriyada kamroq bomba tashlab, ko‘proq Iroq hududiga aviazarbalar berishni boshlaganiga e'tibor qaratib o‘tgan.

Top