17:52 / 10.10.2015
4423

«Toshkent-Aero» bojxona kompleksida 2015 yil boshidan buyon 16 ming quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib o‘tilishi to‘xtatib qolindi

«Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan tamaki mahsulotlarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar davom ettirilmoqda. Natijada joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida kompleksi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda 45ta bojxona qoidabuzlarliklari fosh qilinib, qiymati 93 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan salkam 16 ming quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi.

Jumladan, “Toshkent-Istanbul” reysi bo‘yicha safarga otlangan fuqaro S.Axmedovga (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) tegishli yuklar xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, unda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd qilinmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilinmagan hamda O‘zbekiston Respublikasining aksiz markalari bilan markalangan 500 quti “Kent” sigaretlari yashirilganligi ma'lum bo‘ldi.

Fuqaro Sh.Botirov esa Moskvaga parvoz qilish oldidan qo‘l yuklariga joylangan kiyimlar orasiga 400 quti “PallMall” sigaretlarini yashirgancha, bojxona nazorati hududiga kirib keldi. Ammo, uning bezovtalanishi qing‘ir qilmishlarini fosh qilib qo‘ydi. Xolislar ishtirokidagi bojxona ko‘rigidan so‘ng mazkur tamaki vositalari o‘rnatilgan tartibda qonunbuzardan olib qo‘yildi.

“Sharja-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan A.Saidakbarov Toshkent xalqaro aeroportidan o‘ziga tegishli yuklarni kutmasdan juftakni rostlab qolganligining siri ertasiga fosh bo‘ldi. U taqdim qilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi ma'lumotlariga asosan yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, ular orasida yurtimizga noqonuniy ravishda olib kirilgan hamda O‘zbekiston Respublikasining aksiz markalari bilan markalanmagan qiymati 31 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan 2310 quti “Parliament” sigaretlari yashirilganligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998 yil 13 martda 412-son bilan ro‘yxatga olingan “O‘zbekiston Respublikasi hududiga jismoniy shaxslar tomonidan aksiz solig‘i solinmay olib kiriladigan tovarlarning miqdoriy cheklangan normalari”ga muvofiq, jismoniy shaxslarga 10 qutigacha tamaki mahsulotlarini erkin olib kirishlariga ruxsat etiladi.

Tamaki mahsulotlarini O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqishda esa jismoniy shaxslar bu haqidagi ma'lumotlarni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasining tegishli bandida qayd etishlari lozim.

Shuningdek, respublikamizda tamaki mahsulotlariga aksiz markalarini qo‘llash shu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, import qilish, saqlash, tashish va sotish ustidan davlat nazoratini o‘rnatish, shuningdek, aksiz solig‘ini to‘liq yig‘ib olish, mazkur tovarlarning yashirin tarzda ishlab chiqarilishining yoxud O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kelinishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi

Shu maqsadda, 1996 yilning 1 oktabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilayotgan va uning hududiga olib kelinayotgan tamaki mahsulotlarini belgilangan namunadagi aksiz markalari bilan majburiy markalash tartibi joriy etilgan. Mazkur tartiblarga rioya qilmasdan tamaki mahsulotlarini yurtimizga olib kirish, aksiz markalarini yopishtirmagan holda tashish (xalqaro tranzitdan tashqari), saqlash va sotish taqiqlanadi.

Top