10:37 / 11.10.2015
13050

NATO uchuvchilariga “hayotiga tahdid” tug‘ilsa, Rossiya samolyotlariga hujum qilishga ruxsat berildi

NATO mamlakatlari, shu jumladan, britaniyalik “Tornado” ko‘p maqsadli qiruvchilari harbiy uchuvchilariga Iroq havo kengliklarida “ular hayotiga tahdid” tug‘ilgan taqdirda, Rossiya harbiy samolyotlariga hujum qilishga ruxsat berildi.
Bu haqda Londonning Daily Star Sunday yakshanbalik gazetasi birlashgan qirollik mudofaa vazirligidagi axborot manbasiga asoslanib xabar qildi.
Shu bilan birgalikda, “britan harbiy-havo kuchlari uchuvchilariga Rossiya qiruvchilari bilan har qanday aloqaga kirishishdan qochish topshirig‘i berilgan”, deya qayd etmoqda nashr.
Qirollik HHKning “Tornado” samolyotlari havo-havo sinfiga oid raketalar bilan ta'minlangan bo‘lib, ular orqali o‘zini do‘stona tutmagan Rossiya samolyotlariga hujum qilishga ijozat berilgan”, - deyiladi xabarda.
“Britan vazirlari Yaqin Sharqdagi vaziyat Rossiya harakatlari tufayli “anchagina xavfli” bo‘lib qolgani to‘g‘risida ogohlantirilganidan so‘ng ushbu qadam tashlandi”, - deyiladi materialda.
Axborot manbasining so‘zlariga ko‘ra, samolyotlar ovoz tezligida parvoz qilayotgan vaqtda havo kengliklari juda tor bo‘lib qolishi, shu sababli to‘qnashuvlar yuzaga kelishi yoki Rossiyalik uchuvchi xatolik tufayli o‘t ochishi mumkin.

Top