Jamiyat | 21:54 / 12.10.2015
5452
2 daqiqa o‘qiladi

Dubay hukumati sayyohlarning jamoat joylarida o‘pishishiga qarshi kurashadi

Dubay politsiyasi "BAAga xush kelibsiz" dasturi asosida shahar ko‘chalarida yangi axloqiy me'yorlar joriy qiladi.

«Russkiye Emiraty» portali xabariga ko‘ra, bu dasturga binoan BAA hududida jamoat joylarida o‘pishishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Politsiya polkovnigi Muhammad Rashid Al-Muxeyrining ma'lum qilishicha, ayni vaqtda Dubayda 216 millatga mansub kishilar istiqomat qilmoqda. Bundan tashqari har yili mamlakatga millionlab sayyohlar tashrif buyuradi.

Hukumat fikricha, bunday rang-barang madaniyatlar vakillari milliy arab madaniyatini hurmat qilishlari lozim hisoblanadi.

"Endilikda ko‘chalarda o‘pishib, boshqalarning tuyg‘ularini haqoratlash va ularga aziyat yetkazishga yo‘l qo‘y qo‘yilmaydi", deydi al-Muxeyriy.

Qayd etilishicha, "BAAga xush kelibsiz" tadbirlari 2015 yilning oxiriga qadar davom ettiriladi.

Bu tadbirlar doirasida ko‘chalarga maxsus plakatlar osiladi va ularda tegishli shiorlar hamda mamlakat qonunchiligidan iqtiboslar aks etadi.

Bunday plakatlar plyajlar va do‘konlarga ham osilishi aytilgan.

Shuningdek, shahardagi haydovchilar va mehmonxonalar xizmatchilari sayyohlarni qoidalardan ogohlantirishlari lozim bo‘ladi.

Xabar bergan manbada keltirilishicha, bunday holatlar uchun jarima qo‘llaniladi.

Shu vaqtgacha, sayyohlarga nisbatan faqat og‘zaki ogohlantirish berish bilan kifoyalanilayotgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish