Sport | 19:53 / 12.10.2015
2100
2 daqiqa o‘qiladi

Farrux Do‘stov Toshkent “Chellenjyer”ini g‘alaba bilan boshladi

Bugun, 12 oktabr kuni Toshkentdagi Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi kortlarida “Chellenjyer” turkumiga kiruvchi, mukofot jamg‘armasi 125 ming dollardan iborat bo‘lgan turnirning asosiy to‘r bahslari start oldi.

Bu galgi turnirda O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi Denis Istomin birinchi raketka sifatida qayd etilgan.

U ertaga, 13 oktabr kuni ilk davrada belaruslik Uladjimir Ignatikka qarshi kortga chiqadi.

O‘zbekistonning ikkinchi raqamli tennischisi Farrux Do‘stov esa ilk bosqich uchrashuvini o‘tkazdi. Bosniya va Gertsegoviniya vakili Aldin Setkichga qarshi kortga chiqqan hamyurtimiz 6:2, 7:5 hisobida zafar quchdi. Bu haqda "Olamsport.som" xabar bergan.

Yana bir o‘zbekistonlik tennischi Shonig‘mat Shofayziyev esa dunyo reytingida 70-pog‘onadan joy olgan belaruslik Sergey Betovga 4:6, 2:6 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Yakkalik bahslarining asosiy to‘rida hamyurtlarimizdan Temur Ismoilov hamda Jo‘rabek Karimov ham ishtirok etadi. Ismoilov ilk bosqichda rossiyalik Aleksandr Kudryavtsev bilan, iste'dodli Jo‘rabek Karimov esa isroillik Amir Veyntraub bilan hisob-kitob qiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish