12:49 / 12.10.2015
3492

Isroilliklar guruhiga pichoq bilan hamla qilgan arab o‘smir qo‘lga olindi

Isroilning shimoliy qismida uch nafar isroillik fuqarolarga jarohat yetkazgan yosh arab millatiga mansub jinoyatchi qo‘lga olingan.

Isroil huquq-tartibot idoralari tomonidan berilgan ma'lumotga ko‘ra, jinoyatchi tomonidan qilingan hujum natijasida uch nafar oddiy fuqaro va bir nafar ayol politsiya xodimi jiddiy shikastlangan.

Falastin tibbiyot xodimlarining bergan ma'lumotiga ko‘ra, G‘arbiy sohil yaqinida falastinlik 13 yoshli bola isroillik askarlar tomonidan otib o‘ldirilgan. Voqea yahudiy aholi yashash punktidagi to‘qnashuv vaqtida vujudga kelgan.

Oldinroq falastinlik ayol G‘arbiy sohil bo‘yidagi nazorat hududida politsiya tomonidan to‘xtatilganda o‘zida o‘rnatilgan portlovchi qurilmani ishga tushirgan, portlash natijasida ayol va politsiya xodimi zarar ko‘rishgandi.

Isroilliklar va falastinliklar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar so‘nggi kunlarda tez-tez sodir bo‘lmoqda. O‘tgan haftada Isroil politsiyasi falastinliklar qadim shahar Quddusdagi Al-Aqsa masjidiga kirishni cheklab qo‘ygandi.

O‘tgan hafta oxirida o‘sha hududda yuzaga kelgan to‘qnashuvlar natijasida ikki nafar isroillik fuqarolar falastinliklar tomonidan pichoqlab ketilgandi. Aynan mana shu sabab Eski shahar falastinliklar uchun yopib qo‘yilgandi.

Top