Jahon | 19:58 / 12.10.2015
5577
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvada terakt uyushtirmoqchi bo‘lgani uchun qo‘lga olinganlar Rossiya fuqarolari ekani ma'lum bo‘ldi

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Moskva jamoat transportida terakt amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rgani uchun qo‘lga olingan shaxslar Rossiya fuqarolari ekanligini ma'lum qildi, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi.

“Rossiya Federal xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Moskvada terakt uyushtirmoqchi bo‘lgan rossiyalik fuqarolar guruhi aniqlandi”, deyilmoqda FXX bergan xabarda.

Ma'lum qilinishicha, IShID lagerlarida tayyorgarlikdan o‘tgan ushbu terrorchilar Rossiya IShID pozitsiyalariga aviazarbalar berishni boshlaganidan oldin Rossiyaga kelishgan. Ular Moskva markazidagi uylardan birida qo‘lga olingan.

FXXning ma'lum qilishicha, terrorchilar Moskva jamoat transportida terakt amalga oshirish uchun 5 kg portlovchi moddadan bomba tayyorlashgan.

Eslatib o‘tamiz, kunning birinchi yarmida Moskvada terakt sodir etishda gumon qilinib, qo‘lga olinganlarning suriyaliklar bo‘lishi mumkinligi aytilgandi.

Ma'lumot o‘rnida ta'kidlab o‘tish joiz, Moskvada sodir etilishi mumkin bo‘lgan terakt haqida 11 oktabr kuni kechqurun Milliy antiterror qo‘mitasi ogohlantirgandi. Tezqor tadbirlar natijasida qo‘lbola portlovchi moddalar topilgani xabar qilingan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish