22:43 / 12.10.2015
5145

O‘zbekistonda po‘lat shlanglar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan qo‘shma korxona tashkil etilmoqda

O‘zbekiston va Bolgariya zanglamaydigan po‘latdan egiluvchan metall shlanglar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil qiladi, deb “O‘zagromashservis” uyushmasidagi manbaga iqtibos keltirgan holda xabar bermoqda Sputnik nashri.

Nashrning aytishicha, bu korxona O‘zbekiston sanoatida birinchi bunday korxona bo‘ladi. Manba bolgariyalik hamkorning nomini tijorat siri nuqtai nazaridan oshkor etmadi.

“Bugungi kunda o‘zbek bozori Xitoy va Turkiyada ishlab chiqarilgan bunday metall shlanglar bilan to‘lib-toshgan. Biz bu ishlab chiqaruvchilarni yaxshiroq sifat va arzonroq narx hisobiga bir necha yil ichida siqib chiqarmoqchimiz”, deb aytmoqda manba.

Birinchi mahsulot 2015 yilning oxiriga qadar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan va korxona quvvatlari tabiiy gaz va suv uchun mo‘ljallangan istalgan uzunlikdagi va diametrdagi shlanglarni ishlab chiqarishga imkon beradi.

Joriy yilning o‘zida korxona 1 mlrd so‘mlik 100 kilometr mahsulot ishlab chiqarmoqchi. 2016 yilda esa ishlab chiqarish hajmi 4 martadan ko‘proqqa, ya'ni 480 km gacha, 2019 yilda 600 kmgacha yetadi.

Bu hajm ichki bozor uchun katta miqdorni tashkil qiladi, shuning uchun mahsulotning bir qismini xorijga, birinchi navbatda Rossiya, Xitoy va Qozog‘istonga eksport qilish mo‘ljallanmoqda.

Top