Jahon | 10:53 / 12.10.2015
5179
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda ekstremistlar guruhi uch soqchini o‘ldirib, qamoqxonadan qochib ketishdi

12 oktabrga o‘tar kechasi Qirg‘izistonning Chuy viloyatida joylashgan 50- sonli tergov izolyatoridan 9 nafar mahbus uch soqchini o‘ldirib, qochib ketishdi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Temir Sariyev xavfsizlik rasmiylari bilan favqulodda yig‘ilishda ma'lum qildi.

Shuningdek, Jazoni ijro etish davlat xizmatining bir xodimi va sudlanganlardan birini ham jarohatlashdi, deya xabar bermoqda mamlakat JIEDX matbuot xizmati.

“Qochish dalili bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib, maxsus komissiya tuzildi, rasmiy tergov olib borilmoqda va mahbuslarni qo‘lga olish bo‘yicha barcha zarur choralar qo‘llanilmoqda”, - deya xabar qilindi.

Politsiyachilar tezda o‘g‘irlangan avtomobilni topib, qochqindagi jinoyatchilarning besh nafarini qo‘lga oldi, to‘rt nafari esa ozodlikda. Hududda “Qo‘lga olish” rejasi amalga oshirilmoqda.

Qayd etilishicha, ozodlikdagi jinoyatchilarning ikki nafari umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan bo‘lsa, qolgan ikkisi ustidan sud jarayoni bo‘lib o‘tayotgan edi.

Ularning barchasi diniy ekstremizm va terrorizmda ayblanib, jazoga tortilgan. Shu bilan birga, ozodlikdagi mahbuslarning uch nafari 2011 yilda Bishkekda qo‘lga olingan bo‘lib, ular “Jayshul-Mahdiy” radikal guruhi a'zolari hisoblanishgan.

Janubiy Norus qishlog‘i poytaxt Bishkek shahridan bir necha kilometr masofada joylashgan. Huquqini muhofaza qilish organlari fuqarolardan ogoh bo‘lishni va qochqindagi jinoyatchilar to‘g‘risidagi har qanday axborotni tegishli muassasalarga yetkazishni so‘ramoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish